Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov Sergeli tumani mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida tumandagi Oltin vodiy mahallasida bo‘ldi.
Hozirda tumanda jinoyatchilikni kamaytirish va kriminogen holatni yaxshilash bo‘yicha ishchi guruh tomonidan «Sergeli tumanida xavfsiz muhitni shakllantirish va jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash konsepsiyasi» loyihasi ustida ishlar olib borilmoqda.


Ma’lum qilinishicha, tuman mahallalarida sodir etilgan jinoyatlar har 1000 nafar aholiga nisbatan 6 ta «sariq» va 40 ta «yashil» toifaga ajratilgan.
Jumladan, Oltin vodiy mahallasi «sariq» toifaga mansub bo‘lib, mahallada huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish orqali uni «yashil» toifaga o‘tkazish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.


Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida tumandagi 10 ta mahalladagi 35 ta asosiy “xavf nuqtasi”ga 77 ta inson yuzini tanib oluvchi videokuzatuv kamerasi, shuningdek aloqa qurilmalari hamda turli ob-havo sharoitida ishlashga mo‘ljallangan maxsus temir shkaflar o‘rnatildi.


Qo‘mita raisi mahalla hududini ko‘zdan kechirar ekan, “xavf nuqtalari”ga alohida e’tibor qaratish maqsadida 4 ta asosiy ko‘cha va 15 ta ko‘p qavatli uy atrofiga qo‘shimcha videokuzatuv kameralarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


O‘rganishlar davomida o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham aniqlandi. Xususan, mahalla hududiga kirish qismida hamda ko‘p qavatli uylar oldidagi bolalar o‘yingohlarida yog‘ingarchilikdan so‘ng hosil bo‘layotgan ko‘lmak suvlarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mahallani obodonlashtirish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan turli inshootlar va garajlarni tartibga solish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA