Sergeli tumanidagi yangi mavzeda saylov jarayoni bayramona o‘tmoqda
Ayni damda Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi saylov uchastkalarida ham ovoz berish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Yangi choshtepa mavzesidagi 394-saylov uchastkasida yangi uylarga yaqinda ko‘chib kelgan fuqarolar o‘zgacha kayfiyatda o‘zlari uchun munosib nomzodga ovoz bermoqda.
Ayni damda Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi saylov uchastkalarida ham ovoz berish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Yangi choshtepa mavzesidagi 394-saylov uchastkasida yangi uylarga yaqinda ko‘chib kelgan fuqarolar o‘zgacha kayfiyatda o‘zlari uchun munosib nomzodga ovoz bermoqda.
– Mavzeda uylar yangi qurilgani sababli aholi har kuni ko‘chib kelmoqda, – dedi mazkur saylov uchastkasi raisi Alovuddin Zayniddinov. – Saylov uchastkamizda 1 ming 480 saylovchi ro‘yxatga olingan. 38 saylovchining saylov uchastkasiga kelib ovoz berish imkoni yo‘qligi sababli ularning uyida ovoz berishi ta’minlanadi. Bu yilgi saylovlar o‘zgacha o‘tmoqda. Odamlarning huquqiy ongi, bilimi oshgan. Taqdiriga befarq emas. Ko‘rib turibmizki, har bir oilaning a’zosi kelib, o‘zi munosib deb topgan nomzodga ovoz bermoqda. Bir kishi kelib butun oilasi nomidan ovoz berib ketish holatlari bo‘lmayapti. Saylovlar ochiq, shaffof, demokratik tamoyillar asosida o‘tmoqda.
Saylov uchastkasida jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun ham sharoitlar yaratilgan. Maxsus yo‘laklar qilinib, ko‘zi ojiz fuqarolar uchun Brayl alifbosidagi byulletenlar orqali ovoz berish imkoniyati yaratilgan. Ayni damgacha 2 nafar ko‘zi ojiz fuqaro ovoz bergan.
Mahallaga kirganingizda ko‘p qavatli yangi uylar, ko‘rkam inshootlar, zamonaviy sport va bolalar maydonchalarini ko‘rib havasingiz ortadi. Uylarga yaqinda ko‘chib kelgan oilalar ham xush kayfiyatda, mahalla markaziga kelib, munosib nomzodlarga ovoz bermoqda.
– Bu yerga ko‘chib kelganimizga ko‘p bo‘lmadi, – dedi Mehriniso aya Norxo‘jaeva. – Zamonaviy, shinam va har tomonlama qulay uylarda yashab kelayapmiz. Bugun saylovda biz ham oilaviy ishtirok etayapmiz. Nevaralarimni ham olib kelganman. Yoshlarning ham ovozi muhimda. Ushbu saylovlar xalq farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Halqimiz o‘z huquqidan foydalanib, o‘zi tanlagan, o‘zi munosib bilgan nomzod uchun ovoz bermoqda. Men ham ertangi kunimga befarq emasman. Yurtimizning tinchligi, xalqimizning farovonligi uchun ovoz berdim.