Ayni kunlarda poytaxtimizning Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasida zamonaviy talablarga javob beradigan yangi kogeneratsiya qurilmasi ishga tushirishga shay qilindi.
Ushbu inshoot “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi hamkorligida barpo etildi. Loyiha energiya ta’minoti samaradorligini oshirish, aholi va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan.
Mazkur inshoot haqida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sirojiddin Rahimov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Sergeli tumanida qurilgan ushbu kogeneratsiya inshooti 2,3 megavatt elektr va 11 gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyiha Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu yerda Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy gaz-porshen qurilmasi hamda “Bosch” kompaniyasining ikki isitish qozoni o‘rnatildi.
Hozirda barcha tizimlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Ob’ekt to‘liq ishga tushirishga tayyor holatga keltirildi. Ushbu inshoot 51 ta ko‘p qavatli uy, bitta maktab, maktabgacha ta’lim muassasasi, ijtimoiy sohaga oid ob’ekt va hududdagi tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror ravishda issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Energiya samaradorligi va barqaror ta’minot bugungi kunda jahon miqyosida muhim masalaga aylangan. Mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishda izchil islohotlar olib borilmoqda. Yangi kogeneratsiya qurilmasi ana shu islohotlar samarasi bo‘lib, mahalliy muhandislik infratuzilmasini mustahkamlash va elektr hamda issiqlik ta’minotidagi barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhimi, mazkur loyiha istiqbolda poytaxtning boshqa tumanlarida ham shunga o‘xshash zamonaviy energiya manbalarini joriy etish uchun muhim tajriba sifatida xizmat qilishi kutilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA