Serbiya poytaxtida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan “Belgrade Grand Prix woman tour” musobaqasida mamlakatimiz sportchilari "Parij-2024" Olimpiadasining reyting ochkolariga ega bo‘ldi.
Ikki bosqichdan iborat «2.2 Stages Class 2» tasnifidan o‘rin olgan musobaqaning ikkinchi kun poygalari O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari uchun omadli kechdi.
Qiziqarli poygalarda “Tashkent City Women Professional Cycling Team” klubi a’zosi Nafosat Koziyeva 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur 80 kilometr masofaga mo‘ljallangan poygalarda 1-o‘rin polshalik Monika Brzeznaga, 3-o‘rin ukrainalik Alina Bogdan va 4-o‘rin hamyurtimiz Shahnoza Abdullayevaga nasib etdi. Qizig‘i, ularning marra chizig‘ini kesib o‘tish vaqti bir xil – 2 soatu 5 daqiqa, 49 soniyani tashkil etdi. Faqat koeffitsiyentlar holatidagi tafovut ularning qaysi o‘rindan joy egallashini aniqlab berdi.
"Belgrade Grand Prix woman tour" turniri yakunida hamyurtlarimiz Nafosat Koziyeva va Shahnoza Abdullayevadan tashqari, jamoamizning yana 3 nafar a’zosi – Sofiya Karimova, Yanina Kuskova, Margarita Misyurinaning kuchli o‘nlikdan o‘rin egallashi, ularning ham "Parij-2024" Olimpiadasi yo‘llanmasining reyting ochkolariga ega bo‘lishini ta’minladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA