Serbiyaning Belgrad shahrida fudokan karate-do bo‘yicha kichik yoshdagi karatechilar o‘rtasida o‘tkazilgan IX jahon chempionati yurtimiz sportchilari uchun omadli kechdi.
Ravshan Anvarov boshchiligida ishtirok etgan mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari 19 ta davlat vakillari ishtirok etgan jahon chempionatida 6 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medallariga ega chiqishdi.
Iqtidorli sportchilarimizdan Muslima Badalova va Soliha Rahimova yakkalik kata bahslarida, Mironshox Nazarov kumite yo‘nalishida, qizlar terma jamoasi kata yo‘nalishida oltin medallarni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz karatechilarining yangi avlodi kamolga yetayotganligini ko‘rsatdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Sitora Rixsibayeva, Mahmud Badalov, Sherzod Anvarov kabi sportchilar o‘z yosh toifalarida sovrindorlar qatoridan joy olishdi.
Vatanimiz sport shuhratini Serbiya tatamilarida yanada keng yoygan yosh karatechilarimiz 29 noyabr kuni ona yurtimizga qaytib keladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA