Ma’lumotlarga ko‘ra, Serbiyada COVID-19 tufayli 3600 ga yaqin fuqaro vafot etgan. Bu ayrim davlatlar bilan solishtirganda yuqori ko‘rsatkich bo‘lmasligi mumkin, ammo aynan tibbiyot sohasi xodimlari orasida koronavirusdan nobud bo‘lganlik darajasi boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha yuqori.
Shifokorlar va farmatsevtlar uyushmasi hisoboti shuni ko‘rsatdiki, 7 million aholisi bo‘lgan Serbiyada ushbu virusdan vafot etgan shifokorlar 72 nafarga yetgan. E’tiborli jixati, 60 milliondan ortiq kishi yashaydigan Buyuk Britaniyada ayni ko‘rsatkich 43 ga teng.
Birlashgan Qirollikda Serbiyaga nisbatan 80 ming nafar ko‘p bemor hayotdan ko‘z yumgan.
Tanqidchilar mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi ahvoli haqida, asosan, salbiy fikr bildirishadi, chunki shifokorlar va hamshiralarga yo‘naltirilgan byudjet mablag‘i 2013 yildan buyon muzlatib qo‘yilgan. Natijada, koronavirus paydo bo‘lganda mamlakat sog‘liqni saqlash sektori epidemiyaga qarshi kurashga tayyor bo‘lmagan.
– Tashkilotning abgor ahvoli, xodim, asbob-uskuna yetishmasligi – bularning bari shifokorlar orasida o‘lim soni ko‘payishiga olib keldi, – deydi Serbiya Shifokorlar va farmatsevtlar uyushmasi rahbari Rade Panich “Euronews” ga bergan intervyusida. Shuningdek, u o‘lim holati, aslida, 72 tadan ortiq ekanligini ham ta’kidlagan.
Panich yana bir masalani ko‘tardi. Uning iddao qilishicha, Serbiya kasalxonalarida yuqori lavozimni egallash siyosiy tayinlovlar bilan bog‘liq jarayon. Ya’ni, tibbiyot muassasalari menejerlari, odatda davlat boshqaruvi vakillariga sodiqligi bilan ajralib turishadi. Ayni shu jihat ularning boshqaruv qobiliyatidan ko‘ra muhimroq.
O‘zA