Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil sentyabr oyi uchun respublika bo‘ylab 620 mingdan ortiq kam ta’minlangan oilalarga jami 339,9 milliard so‘m miqdorida ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari to‘liq moliyalashtirildi. Ushbu mablag‘lar “Xalq banki” AT orqali aholiga yetkaziladi. Shundan:
592 ming 577 ta oilaga 328,1 milliard so‘m bolalar nafaqasi;
27 ming 484 ta oilaga 11,8 milliard so‘m moddiy yordam mablag‘lari ajratildi.
O‘z navbatida, kam ta’minlangan oila sifatida nafaqa oluvchi 580,7 mingta oilalarga (yoki jami oluvchilarning 93,7 foizi) bank kartalari orqali to‘lovlar amalga oshiriladi.
Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq nafaqa pullarini naqd shaklda oluvchi oilalarga joriy oy to‘lovlari Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan oyning 27 sanasiga qadar yetkazib berilishi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning avgust oyida 99 ming 551 ta yangi kam ta’minlangan oila “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan. Bu esa, ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida yechish bo‘yicha elektron tizim asosida ishlovchi mexanizmning faol va samarali ishlayotganidan dalolat beradi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimi orqali kam ta’minlanganlik darajasi aniq mezonlar asosida baholanadi, bu esa davlat tomonidan ajratilayotgan resurslarning adolatli taqsimlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA