Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senku mening jonimsan, alla bolam...
15:49 / 2021-09-24

Bir gal qishloqqa borganimda, qo‘shnimizning uyiga birrovga o‘tdim. Qo‘shnining kenja kelini (hali 20ga ham chiqmagan bo‘lsa kerak) bolasini uxlatayotgan ekan.

Beshikka belab, qattiq-qattiq tebrata turib, “hh-hm, himmm...” deb xirgoyi qilib turardi. Tushunishimcha, kelinposhsha bolasiga “alla” aytayotgandi. Hali bir yoshga ham yetmagan bolacha esa boshi sarak-sarak bo‘lib, uxlashga qiynalar, g‘ingshib, bezovta bo‘lardi. Uquvsiz onaning “hh-him”lab allalashi, beshikni zarb bilan tebratishi bolaning tinchgina uxlab qolishiga, huzur qilib orom olishiga qaytanga xalal berardi.  

Mittigina go‘dakning bezovtaligini ko‘rib, to‘g‘risi, anavi kelindan jahlim chiqib ketdi. “Beshikni sekinroq tebratib, chiroyligina alla aytsangiz bo‘lmaydimi?! Bechora bola uxlolmay sarson bo‘lyaptiku!”, deb yubordim, axiyri. “Alla aytishni bilmaymanda...” dedi kelin iymanib. “Tovbaa”, dedim o‘zimga o‘zim. Ona bo‘lib, bitta allani eplab ayta olmasa bola uchun! Alla aytish uchun maxsus matnini yodlash ham shartmasdir, balki. Aslida alla onaning qalb to‘ridan, onalik mehri jo‘shib, ich-ichidan otilib chiqadigan dil so‘zlar, mehr bulog‘idan to‘yingan qechinmalar, orzu-niyatlar mujassami bo‘lmaydimi? Nahotki, yosh onaning ko‘z ochib ko‘rgan birinchi farzandiga yuragidan chiqarib aytadiganlari bo‘lmasa!? Onaning o‘tli yuragidan chiqqan mehr-muhabbatga to‘la dil so‘zlari sehrli ohang ila go‘dakning ruhiyatiga oziq, orom bo‘lib yetib bormaydimi!? Aslida alla  onalikning asl belgisi, ko‘rki, ziynati emasmi?  

– Ona allasi bolaga orom beradi, xotirjamlik ulashadi, ruhiyatiga oziq bo‘ladi, qulog‘i orqali ongiga singib, mitti yuragida mehr- muhabbat, shirin tuyg‘ular uyg‘otadi, – dedim haligi kelinga. – Uch yoshga qarab ketayotgan qizimga hamon alla aytishni kanda qilmayman. Alla bilmasangiz, o‘rganing, juda bo‘lmasa, bolangiz uchun orzu-havaslaringizni aytib, yoqimli kuyga soling. Onangizdan, buvilaringizdan hech alla eshitmaganmisiz...

Har zamonda bir ko‘radiganim qo‘shni kelinga dakki berganim to‘g‘ri bo‘ldimi-yo‘qmi, bilmadimu, lekin ichimdagilarni aytib, yosh bo‘lsa-da, endi ona ekanligini eslatganimga yengil tortdim. To‘g‘ri-da, onalik faqat farzandni dunyoga keltirib, oq sut berish bilangina bo‘lmaydi. Ona farzandi tug‘ilganidan (hatto tug‘ilmasidan) boshlab unga dunyoni tanitadigan, tanitganda ham yorqin ranglarda, mehr-muhabbat, insoniylik, halimlik bilan, go‘dakning ongu shuurida shirin hislarni uyg‘otib, voyaga yetkazadigan zotdir. Xalqimizning qadim qo‘shig‘i bo‘lgan alla aytish, allalash bilan bolaga orom bag‘ishlash ham onaning vazifasi. Zotan, yoqimli ohangda  taraladigan ona xirgoyisi go‘dak qulog‘i orqali ongiga singib, qalbida qo‘shiq ohangidek sokinlik, muloyimlik, mehr va shirin hislarni uyg‘otadi. Umuman, ohang, musiqa – inson ruhiyatining ozig‘i, insonning qalb tubiga yetib boruvchi, unga o‘z ta’sirini ko‘rsata oladigan omillardan biri hisoblanadi. Musiqaga, go‘zal ohang va qo‘shiqqa moyillik esa go‘daklik chog‘imizda tinglaganimiz – ona allasi ila qalbimizga muhrlanadi, yuragimizga yaqin bo‘ladi.  

Alla bolani uxlatish jarayonida aytiladigan yoqimli qo‘shiq sifatida o‘zbek, uyg‘ur, tojik xalqlari orasida keng tarqalgan. U odatda oddiy kuylar bilan beshik yoki belanchakning tebranish sur’atiga mos ravishda ijro etiladi. Ona allasi bilan mitti go‘dak ongu shuurida, qalbida onasiga nisbatan, qolaversa, atrofdagilarga, tug‘ilib o‘sgan muqaddas zamini, Vataniga nisbatan mehr-muhabbat, iliqlik uyg‘onadi, keyinchalik shirin orzular paydo bo‘ladi. Alla tinglab voyaga yetgan boladan yomonlik chiqmaydi, deyishadi. Rostdan ham alla eshitib ulg‘aygan bola qalbida iliqlik, muloyimlik, hayotga, atrofdagilarga nisbatan mehr-oqibat tuyg‘ulari bo‘y ko‘rsatadi. Shu bilan birga, milliy o‘ziga xosligimiz, milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz, urf-odatlarimizga bo‘lgan muhabbat, qalban yaqinlik yuzaga keladi. Alla orqali go‘dak ongi va qalbiga muhrlangan milliyligimiz kelajakda uning o‘z ota-onasiga, Vataniga, yurtiga, xalqiga, millatiga bo‘lgan sadoqati, muhabbati ila namoyon bo‘ladi, ma’naviy yetukligida o‘z so‘zini aytadi.

Haligi kelinga aytganimdek, alla har bir onaning o‘z qo‘shig‘i, o‘z dilbandiga aytar izhori, orzu va armonlari, tilak-istaklari yashiringan qalb so‘zidir. Ona o‘z qo‘shig‘iga saodatli kunlar sog‘inchini qo‘shib aytadi, mehru muhabbatini, bor-budini qo‘shib aytadi. Onaizorning ich-ichidan, yurak tubidan chiqqan mehr bulog‘ining chashmalari o‘z-o‘zidan qo‘shiqqa, ohangga aylanib, bolaning yuragiga o‘rnashadi, ongiga singadi, bir umr shaxsiyatiga muhrlanadi.  

Alla – hayot qo‘shig‘i. Unda orzu-tilak ham bor, niyat ham, armon ham, duo ham, kelajakka ishonch, umid ham bisyor. Shuning uchun ham yoqimli ohangda aytilgan allalar kattayu kichik barchaga birdek yoqadi, insonning qalb torlarini chertadi, yuragiga yetib boradi. Alla ohangini tinglagan odamning butun vujudi taskin topadi, orom oladi, dunyoning bor tashvishiyu g‘amini unutib, beg‘ubor go‘dakligini, mehribon onasining issiq taftini, o‘zini eng xotirjam his qiladigan go‘sha – ona bag‘rini sog‘inadi. Bu sog‘inch, bu sokinlik kishiga faqat huzur bag‘ishlaydi. Ana shunday hislar go‘dakligimizdan ona allasi ila ongimizga, qalbimizga singib ketgan bo‘ladi.  

Alla haqida ko‘plab buyuk zotlar, allomalar, mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalarini yozib qoldirgan, inson hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida ko‘p va xo‘p gapirishgan. Tib ilmining sultoni, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino “Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun ikki narsani qo‘llamoq kerak. Biri bolani sekin-sekin tebratish, ikkinchisi bolani uxlatishda odatga aylangan musiqa va alladan foydalanish. Ikkinchisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badan tarbiyaga, ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi shakllanadi”, degan edi.  

Darhaqiqat, alla go‘dakning har jihatdan barkamol bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo hozir aksariyat yosh qizlar alla matnlarini bilishmaydi, alla aytishni ham eplay olishmaydi. Hozirgi axborot texnologiyalari rivoj topib, qo‘l telefoni, televizor, kompyuter, internet kabi vositalardan foydalanish avjiga chiqayotgan bir paytda ko‘plab yoshlar milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizdan uzilib qolayotgandek, go‘yo. Onalar turmushga uzatayotgan qiziga faqat sarpo-suruq yig‘masdan, kelinlik, onalik vazifalarini tushuntirib, mas’uliyatini anglatishsa, momolarimizdan meros allalarni o‘rgatishsa, qizlarni hayotga tayyorlashning eng maqbul yo‘li bo‘lar edi.  

Shu o‘rinda yana bir mulohaza: ko‘pgina yosh onalar bolasini allalash, erkalab-suyishdan ko‘ra qo‘l telefoni bilan ovutishni odat qilib olishgan. Bola ham bundan xursand. Biz ham “Zamonaviy bolalar-da”, deb qo‘ya qolamiz bunday holatlarni ko‘rganimizda. Oqibatda esa aqli kirar-kirmas qo‘l telefoniga o‘rganib, shu matohga yopishib qolgan bolalar injiq, jahldor, yig‘loqi bo‘lib qoladi. Eng yomoni, o‘zining aytganini o‘tkazadigan xudbinlik, qo‘rs-qo‘pollik xarakterlari bo‘y ko‘rsatadi. Qolaversa, telefon bilan bog‘lanib qolish bolaning ko‘ziga, salomatligiga ham qattiq ta’sir qilishi barchamizga ayon haqiqat. Aslida esa bolani go‘dakligidan allalab uxlatishga o‘rgatishsa, olam guliston. “Alla” so‘zi arab lug‘atida “ovutish, tinchlantirish” ma’nosini anglatishi ham bejiz emas.  

Haqiqatdan ham yoqimli ohangda taralgan alla kuyidan bola orom oladi. Buni ko‘p bor o‘z hayotimda, bolamda guvoh bo‘lib, anglaganman. Uch yoshga yaqinlashayotgan qizimni doim alla aytib uxlataman. Mabodo aytmay qolsam, o‘zi alla aytishimni so‘rab, g‘ingshinib boshlaydi. Bittasi yoqmasa, boshqasini ayt, deb alla tanlaydi hatto. Hayron bo‘laman – demak, turfa xildagi allalarning so‘zi, ohangi ham bolaga turlicha ta’sir qilar ekan-da, deb qo‘yaman...  

Senku mening jonimsan, alla bolam,  

Bo‘ynimdagi tumorimsan, alla bolam.

Alla, alla, opoyim, alla-alla-yo,

Ustinga baxmal yopoyin, alla bolam...

Har bir xonadondan chaqaloqlar yig‘isiyu onalar allasi eshitilib tursin. Yosh onalar va buvilar ertamiz egalari bo‘ladigan farzandlarimizni sehrli alla ohangidan bebahra qoldirishmasin.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA