Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun
12:39 / 2024-10-11

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hududlarda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan “Qizlarjon” klubi xotin-qizlarning ezgu maqsadlar yo‘lida faolligini oshirish, kasb-hunar egallashi uchun sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordamlashadi. Klub 7 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh xotin-qizlarni ixtiyoriy ravishda birlashtiradi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun” shiori ostida “Qizlarjon” klubi Respublika forumi o‘tkazildi. Tadbirda yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarining “Qizlarjon” klubi raislari hamda Xotin-qizlar maslahat kengashi raislari ishtirok etdi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov forum ishtirokchilarini qutlab, mamlakatimizda qizlarga munosib shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.  

–Bugun ta’lim sohasida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Hozirda ayol-qizlarning ta’limdagi ulushi har qachongidan yuqori va bu ko‘rsatkich yildan-yilga oshib borayotgani barchamizni quvontiradi. Qizlarimizning ta’lim olishga, ilmga tashnaligi yurtimiz kelajagiga ijobiy ta’sir qiladi. Sizlarning har biringiz ilm-fan, san’at, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarga ulkan yutuqlarimiz nishonasidirsiz.  

Darhaqiqat, 2012 yildan beri 11 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro qizlar kuni etib belgilanishi bejiz emas. Bundan ko‘zlangan maqsad qizlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va siyosiy huquqlardan, tibbiy xizmatdan foydalanishiga imkon berish uchun dunyo ahlining sa’y-harakatlarini birlashtirishdir.  

Soha vakillari ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida jami talabalar soni 1 million 436 ming nafardan oshib, shundan xotin-qizlar 747 mingni (52 foizni) tashkil etadi. Magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirayotgan jami talabalar 36 ming 399 nafar bo‘lsa, shundan talaba-qizlar soni 22 ming 822 nafardan iborat. Jami talabalarning 62,7 foizi xotin-qizlardir. Bu ko‘rsatkich magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilingan talaba-qizlarimizga kontrakt to‘lovlarining davlat tomonidan to‘lab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi sababli yil sayin yaxshilanib bormoqda.  

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar to‘liq davlat granti asosida o‘qishni boshladi. Kollej va texnikumlarga o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun talab etiladigan davlat granti mablag‘lari respublika byudjetidan ajratiladi. Xotin-qizlar uchun yaratilgan ushbu imkoniyat ayollar kam faoliyat yuritayotgan sohalarda ularning ulushi oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Har yili ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan 2 ming nafar xotin-qiz davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinadi.  Shu tariqa bugunga qadar qariyb 7 ming nafarga yaqin xotin-qiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan.

Bundan tashqari mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qiz har yili Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomalariga asosan test sinovlari natijalariga muvofiq kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinmoqda. Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilib, bunga har yili kamida davlat byudjetidan 200 milliard so‘m ajratib borilmoqda.

Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari uchun davlat byudjetidan 2022/2023 o‘quv yilida 14 ming 110 nafar talaba xotin-qizga 152,9 milliard  so‘m, 2023/2024 o‘quv yilida 5 ming 991 nafar talaba xotin-qiga 60,3 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.

Mazkur o‘quv yilida xam bu amaliyot davom etadi. 2023-2024-yillarda oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotgan tadqiqotchilar 11 ming 92 nafar bo‘lib, shundan xotin-qizlar 5 ming 831 nafar (52 %) ni tashkil etadi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, xotin-qizlarning yangi g‘oya va ishlanmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish uchun ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida muntazam ravishda ilmiy jamoada yosh olimalar, iqtidorli talaba-magistrlardan iborat bo‘lgan “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlari e’lon qilib kelinmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA