Marokash mezbonligida o‘tgan futbol bo‘yicha Afrika Millatlar kubogi o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvida Marokash hamda Senegal terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Ushbu o‘yinda qiziqarli holat yuz berdi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, uchrashuv hakami asosiy vaqtga qo‘shib berilgan 8-daqiqada Senegal darvozasi tomon penalti belgiladi. Ushbu vaziyatdan norozi bo‘lgan Senagal terma jamoasi bosh murabbiyi Pap Tyav jamoani o‘yinni davom ettirmaslikka chorladi va maydondan olib chiqib ketdi. Biroq bir muncha vaqt o‘tgandan keyin Sadio Mane futbolchilarni qayta maydonga olib keldi.

Qariyb o‘n daqiqadan ko‘proq to‘xtalish bo‘lgan uchrashuv yana boshlandi va mezbonlar vakili Braim Dias penaltini golga aylantira olmadi. Ushbu vaziyatda Senegal posboni Eduard Mendi aniq harakat qildi. Qo‘shimcha bo‘limlarning 4-daqiqasida Pape Geye tomonidan kiritilgan gol bahs yakuniga qadar o‘zgarmadi va Senegal o‘z tarixida ikkinchi bor Afrika Millatlar kubogi chempioniga aylandi.
Darvoqe, Afrika Millatlar kubogining 3-o‘rin uchun o‘tgan o‘yinida Nigeriya terma jamoasi Misrni penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA