English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Sendan odam chiqmaydi" yoxud qarg‘ish va so‘kish ijobat bo‘lib qolsa-chi?!
15:03 / 2021-02-05

Yoshi kattalar bilan suhbatlashsangiz, darrov o‘tmishini eslab ota-onalari ularga qattiqqo‘l bo‘lganliklarini aytishadi.

Aslida qattiqqo‘llik yomon emas, odatda o‘smirlar turli xil qoida va cheklovlarga qarshilik ko‘rsatishadi, shuni ham inobatga oling va har bir vaziyatni imkon qadar mehr va sabot bilan tushuntiring.

Yana shuni ham e’tiborga olish kerakki, kattalar yashagan davrda axborotlar tabiiy yoki ilmiy tilda aytganda analog olinar edi. Hozir esa raqamlashgan usulda axborot olyapmiz, binobarin raqamlashgan olamning raqamlashgan bolalari shakllanib ulgurdi.

Yosh ota-onalar ham raqamlashgan olamda voyaga yetdi. Katta avlod vakillari buva va buvilar va raqamli o‘rta va kichik avlod o‘ziga xos o‘tish davridamiz. Shuning uchun oiladagi bolalarni tarbiyasi va yurish turishiga doir ba’zi pedagogik tavsiyalarni berishni lozim topdik.

Birinchidan, biror narsaga izoh bermay, taqiqlayvermang. Avval "nima uchun?" degan savolga javob berishingiz kerak. Aks holda, farzandingizning do‘sti siz emas, balki ko‘chadagi oshna-og‘aynilari bo‘lib qoladi. Maslahatni kanda qilmay, hayot yo‘lini ham ana o‘shalar ko‘rsatib turishadi. Aytib turgan yo‘llari antiqa kompyuter o‘yinlari bo‘lsa mayliku-ya, muhimi, tamaki yoki ichimliklar bo‘lmasin.

Telefon hamma vaqt ham do‘st emas. Uni albatta nazorat qilib turish kerak. Mutlaqo taqiqlab ham bo‘lmaydi, chunki unga hammamiz bog‘lanib bo‘ldik. Shuning uchun keraksiz do‘stlar o‘rniga o‘zingiz do‘st bo‘lib, zararli odatlar o‘rnini foydalilari bilan almashtiring.  

Shu bilan bir qatorda, bolada bo‘sh vaqt qolmasligiga harakat qiling. Maktabdan bo‘sh vaqtini to‘g‘ri taqsimlay olsangiz va uni siz boshqara olsangiz, marra sizniki. Turli xil mashg‘ulotlar, kerak bo‘lsa, imkon qadar shu vaqtlarga mablag‘ ham kiritish kerak. Biror sevimli mashg‘uloti yoki sport bilan band bo‘lsin. Sport gormonal o‘zgarish paytida bola organizmiga ijobiy ta’sir etadi.

Ikkinchidan, agarda o‘smir farzandingiz sizning vaqtingizga hurmat bilan qarashini istasangiz, avval o‘zingiz uning vaqtini qadrlang. Farzandlaringiz masalan, uch nafar bo‘lsa, ularga oilaviy mehnatlarni soatma-soat taqsimlab uni nazorat qiling va hisobotini olib rag‘batlantiring.

Uchinchidan, gap-so‘zlaringizni hurmat qilishini istasangiz, avval o‘zingiz uning har so‘ziga hurmat bilan qarang. So‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilyaptimi, bu so‘zlarni qayerdan o‘rganyapti?!

Uning gap-so‘zlariga qarab ham ko‘chadagi yod ta’sirlarni bilib olsa bo‘ladi. Farzandingiz sizning va ustozlarining ta’sirida bo‘lsa, demak to‘g‘ri yo‘lda.  

To‘rtinchidan, uning istaklari, orzu-umidlari, fikrini hamisha qadrlang. Bolaga doim undan zo‘r inson chiqishini va kelgusida bizning boquvchimiz bo‘lasan kabi motivatsiyalarni berish kerak.  

"Sendan odam chiqmaydi", ” Sen ikkichisan" kabi so‘zlarni ota-ona ishlatishi naqadar bolani so‘ndiradi. Ota-ona bolani qarg‘ashi yoxud so‘kishi, bu – o‘taketgan bema’nilik. Islom aqidalarida ota-onaning duosi ijobat deyilgan, qarg‘ish va so‘kish ijobat bo‘lib ketishidan Xudo asrasin.

Shuning uchun og‘zingizga ehtiyot bo‘ling, bu hazil emas. O‘zaro hurmat o‘smir farzandni ota-onasiga yanada yaqinlashtiradi. O‘smir farzandingiz fikrlari va maslahatlariga bee’tibor bo‘lmang. Har bir o‘smir mustaqil qaror qabul qilishda o‘zini yetarlicha oqil va dono, deb hisoblaydi. To‘g‘ri yo‘lga solish esa, sizning ota-onalik iqtidoringizga bog‘liq.  

Masalan, xonadoningizga biror o‘zgartirishlar kiritmoqchisiz yoki yangi uy qurmoqchisiz, bu borada farzandingiz fikrini so‘rang va albatta, inobatga oling. Oilaviy biznesda ham uning maslahatlariga quloq tutish kerak. Hozir mahallabay ish ketayotgan bir paytda bolalar «Temir daftar», «Yoshlar daftari»,«Patronaj» kabi muhim tadbirlarni anglay olmayapti. Sababi aniq, biz ota-onalar ular haqida gapirmaymiz, so‘rasa, javob bermaymiz ham. Ta’lim maskanlarida ham bu haqida gapirilmaslik achinarli.  

Maktablarda iste’mol savatchasi, kambag‘allik va unga tushib qolmaslik haqida tarbiyaviy soatlar o‘tilishi zarur. Shunda farzandingiz, uning fikri-yu maslahatlariga hurmat bilan qarashingizni ko‘rib, o‘zini oilaning ajralmas bo‘lagi, deb hisoblaydi.

Agar farzandingiz sizni ranjitgan bo‘lsa, hech qachon uning munosabati to‘g‘risida bahslashmang. Bir muddat sukut saqlang va jim tarbiya bering.

Farzand sizniki uni almashtirib bo‘lmaydi, uni tarbiyalash kerak xolos, mevasi ham sizniki, bog‘boni ham o‘zingiz. Qariyapman deb afsuslanmang, qarilik gashtini surish hammaga nasib qilmaydi. Yaxshi tarbiyalangan bolangiz sizning joningizga oro beradi. Yomon tarbiyalagan bo‘lsangiz, jafo bo‘ladi.  Qarilikning fayzini ketkazadi. Yaxshi ota-ona farzandlariga ovozini baland qilgani qo‘ymaydi, jahlga erk bermaydi.

Yashash va xursand bo‘lish uchun odamga atigi ikki narsa kerak. Birinchidan yashash, ikkinchidan xursand bo‘lish. Bizni xursand qiladigan narsa albatta zurriyotlarimiz tarbiyasi. Hamma narsaga ezgulik bilan qarash. Hayotni xursandchilik bilan qabul qilishni farzandlarimizga tinmay uqdirishimiz darkor. Biz tarbiyalagan bola eng avvalo insonni qadrlovchi bo‘lishi kerak.  

 

Baxtiyor KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi