Prezidentimiz tomonidan ta’lim-tarbiyaga, maktab faoliyatiga doir o‘tkazib kelinayotgan videoselektor yig‘ilishlarida “Biz uchun, ta’lim, ilmdan boshqa najot yo‘qligi” alohida ta’kidlab kelinadi. Darhaqiqat, eng katta investitsiya bu – ta’limga kiritilgan investitsiyadir. Quvonarlisi shundaki, Namangan viloyatida bu muhim haqiqatni qalban chuqur his qiladigan saxovatpesha kishilar, tashabbuskor ota-onalar bisyor.
Namangan shahridagi 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi yangi o‘quv yiliga shay holga keltirildi. Savobli ishlarga to‘rt nafar farzandi shu maktabda o‘qiyotgan tadbirkor, Namangan shahridagi “ANAMED” tibbiy diagnostika markazi direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Nosirbek Abdullaxonov munosib hissa qo‘shdi. Maktabdagi ikkita sinf xonasini 140 million so‘m shaxsiy mablag‘i evaziga to‘liq jihozlab, mukammal ta’mirlab berdi.


Senator Nosirbek Abdullaxonov mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib "Senator stipendiyasi"ni joriy etib, Namangan shahridagi ta’lim sifati bir muncha orqada qolgan maktablar o‘quvchilarini muntazam ravishda rag‘batlantirib kelib, ularni ulkan marralar sari chorlamoqda.
Albatta, bunday xayrli sa’y-harakatlar mamlakatimizda yosh avlodni yuksak aql-salohiyatli qilib tarbiyalash, maktablarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.