Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatorlar “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunni rad etdi
15:51 / 2023-08-24

Tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish, ya’ni ulardan iqtisodiyot yuksalishi va xalqimiz farovonligini oshirish uchun foydalanishda iqlim muvozanatiga putur yetkazmaslik dolzarb masala hisoblanadi.

Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonun aynan shunday talablarga asosan ishlab chiqilgan.

Qonun ustuvor maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, unda qator konseptual darajadagi nizoli masalalar mavjud.

Jumladan, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar sharoitida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qayta tashkil etildi va ularning zimmasiga yangi vazifalar yuklandi. Bugungi kunda amalda bo‘lgan mutlaqo yangi ma’muriy yondashuv nuqtai nazaridan qonunda tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan mutasaddi idoralarning vakolatlariga doir moddalar qayta ko‘rib chiqilishi zarur.  

Bundan tashqari, muhokamalar jarayonida dolzarb ahamiyatga ega yana bir qator masalalar e’tibordan chetda qolganligi aytib o‘tildi.

Qonunda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini cheklash yoki to‘xtatib turish Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ko‘rsatmalari asosida o‘n kundan oshmaydigan muddatga amalga oshirilishi qayd etilgan. Qoidabuzarliklarni bartaraf etish ishlarini yakunlash bilan bog‘liq bo‘lgan alohida hollarda, yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini to‘xtatib turish o‘ttiz kundan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi mumkinligi nazarda tutilgan.  

— Qonundagi ayrim normalar nafaqat amaldagi qonunchilikka, balki davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar yo‘nalishiga, yondashuviga ham zid kelmoqda, - dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva. — Jumladan, qonunda mas’ul organlarga sud qarorisiz tadbirkorlar faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish kabi vakolatlarning taqdim etilishi to‘g‘ridan - to‘g‘ri korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Holbuki, bu illatga qarshi kurashish, uning vujudga keluvchi asoslarini bartaraf etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Bundan tashqari bu kabi norma yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tadbirkorlik faoliyati erkinligi va daxlsizligiga oid kafolatlarga ham mutlaqo ziddir.

Shuningdek, qonunga yer qa’rini “kadastr kvadratlar”ga bo‘lish amaliyotini joriy etish va “Yagona interaktiv geologik portali” bo‘yicha qoidalar kiritilmagan.

Yer qa’ridan foydalanishda ekologik va sanoat xavfsizligini ta’minlash, tog‘-kon qutqaruv qismlari hamda ochiq neft va gaz fontanlarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha xizmatlar faoliyati tartibi belgilanmagan.

Bundan tashqari, mazkur sohada ishga joylashtirish va o‘qitishga talablar, ruxsatnomalar egalarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha majburiyatlari nazarda tutilmagan.

Yuqoridagilar inobatga olinib, majlisda qonunni qayta ko‘rib chiqish va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhini tuzgan holda uni takomiliga yetkazish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlandi. Muhokamalar yakunida qonunni rad etish yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA