Senatorlar yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.
Qayd etilganidek, uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yaxlit tizimi mavjud emasligi uy-joy siyosatini izchil amalga oshirishni murakkablashtirib, o‘z navbatida, sohadagi davlat boshqaruvini qayta ko‘rib chiqishni hamda tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etishni taqozo qilmoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.

Senatorlar tomonidan olib borilgan o‘rganish va tahlillar qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjudligini ko‘rsatdi.
Xususan, kodeksning 7-moddasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ko‘p kvartirali uylardan texnik jihatdan foydalanish normalari hamda qoidalariga rioya etish ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.
“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunda esa ushbu vakolatlar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasiga berilgan.
Prezident farmoniga asosan ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, kodeksning 7-moddasida belgilangan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Kodeksning 30-moddasida turarjoyni mulkdorlar bilan tuziladigan shartnoma asosida buzish va o‘rnida yangi bino qurish tartibi belgilangan bo‘lsa, 36-moddasida ham turarjoylarni buzish va ularning o‘rnida yangi turarjoylar qurish nazarda tutilgan.
Bir munosabat kodeksning ikkita moddasida takror bayon qilinayotgani sababli 30 va 36-moddalarini muvofiqlashtirish lozim. Bundan tashqari, 40-moddada uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 5 toifa shaxslar ko‘rsatilgan.
Bu uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar toifasini qayta ko‘rib chiqilish lozimligini ko‘rsatgan.
Senatorlar ushbu qonunda yana boshqa bir-biriga zid normalar hamda amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar doirasida qayta tashkil etilgan inspeksiyalar masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, senatorlar qonunni rad etdi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA