O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov Navoiy viloyatida bo‘lib, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari kotibiyat mudirlari, doimiy komissiyalar hamda siyosiy partiyalarning raislari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda 2025 yil 23-25 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisida muhokama qilingan masalalar, qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

Yalpi majlisda sohalarning huquqiy asoslarini mustahkamlash va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 18 ta qonun ko‘rib chiqilgan. Ushbu masalalarning har biri inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Jumladan, senator Qobul Tursunov “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga to‘xtalar ekan, mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi sohada qonuniylikni, qonunlar normalarining aniq va bir xil qo‘llanilishini ta’minlashga, shuningdek, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 16 yanvardagi “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga byudjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini ta’minlash, iqtisodiy jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish sohasida qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan edi.

Endilikda Prezident farmoni bilan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga berilgan vazifalar va vakolatlar qonun bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Ma’lumki, yurtimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mahalla instituti maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan mustahkamlandi. Endi davlatning ijtimoiy siyosati tuman yoki shahardan emas, balki mahalladan boshlanadi. So‘nggi yetti yil ichida mahalla tizimini takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.
Uchrashuvda Senator ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni moliyaviy vositalar yordamida davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan mahalla instituti faoliyatini tanqidiy o‘rganish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, Navoiy viloyati mahallalarida mikro loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi. Bu tizim bandlik va biznesni rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yakunlangan yilda viloyatda mahallalarda tadbirkorlik muhitini yaxshilash maqsadida 21 ming 391 ta qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarish sohasida 12 ming 370 ta umumiy qiymati 710 milliard so‘mlik mikro loyihalar doirasida ish o‘rinlari yaratilgan.
Bundan tashqari, 55 nafar tadbirkorni jalb qilgan holda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadini oshirish maqsadida 6 ming 360 nafar fuqaro kasanachilik, tikuvchilik, kashtachilik, junni qayta ishlash, mebelsozlik, kulolchilik kabi yo‘nalishlarda ish bilan ta’minlangan.
Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida esa mahallalardagi hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida 17,5 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.
Senatorning Navoiy viloyati xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, siyosiy partiyalar raislari bilan uchrashuvlarida aholining dolzarb muammolarini hal etishda mahalliy Kengashlar deputatlarining ish tajribasini ommalashtirish zarurligiga ham e’tibor qaratildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri