Parlament yuqori palatasi a’zolari tomonidan yoshlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar tashkil etilib, qonun ijodkorligi hamda yoshlarni qiziqtirgan masalalarga bag‘ishlangan ochiq muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi uchrashuv “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Webster universiteti talabalari bilan tashkil etildi.

Talabalarga Senatning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, parlament yuqori palatasining vakolatlari, qonun ijodkorligi jarayonlari hamda qabul qilingan qonunlar ijrosi ustidan parlament nazoratining ayrim jihatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Dolzarb qonunlarni qabul qilish, davlat dasturlari ijrosini ta’minlash va ijro hokimiyati organlarining hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining ustuvor vazifalari ekani ta’kidlandi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar, jumladan,yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy bilimga ega avlodni shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyati, qonunchilik tashabbuslari va jamoatchilik nazorati sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Uchrashuv yakunida talabalar Senat qo‘mitalari va devoni faoliyati, shuningdek agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
N.Abduraimova, O‘zA