Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatorlar sirdaryolik yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
17:47 / 2025-12-11

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev hamda senator Pokiza Ahmadjonova Guliston davlat universitetida Sirdaryo viloyatining faol yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi. Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va taklif hamda tashabbuslarini bayon qildilar.

Tadbirda senatorlar yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, sifatli ta’lim berish, xorijda o‘qish va malaka oshirish imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va tashqi iqtisodiy aloqalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etishdi.

Uchrashuv davomida Senat va Sirdaryo yoshlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, sport, madaniyat va ijod maskanlarini rivojlantirish, xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, sun’iy intellekt va zamonaviy kasblarga yo‘naltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.

–  Universitetimizda senatorlar bilan bevosita muloqot yoshlar uchun ulkan imkoniyat bo‘libgina qolmay, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, amaliyotdagi qiyinchiliklar va takliflar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri fikr bildirish uchun ajoyib maydon bo‘ldi, –   deydi Guliston davlat universiteti Yoshlar ittifoqi yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev. –   Asosiysi, nafaqat yoshlar, men ham senatorlardan hayotiy saboq va tajriba oldim.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri