Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatorlar mahalliy kengash deputatlari bilan uchrashdi
14:44 / 2022-05-19

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, Senat qarorlari ijrosi, fuqarolar murojaatlarini joyida o‘rganish maqsadida Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar xizmat safari bilan hududlarda bo‘lib turibdi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov boshchiligidagi guruh Namangan viloyatidagi o‘rganishlari avvalida mahalliy kengashlar deputatlari, huquqni muhofaza qilish idoralari mutasaddilari, nodavlat notijorat tashkilotlar va siyosiy partiyalar vakillari bilan suhbatlashdi. 

Ta’kidlanganidek, Senat tomonidan ba’zi qonunlar ma’qullandi. Yangi tahrirdagi “Pochta aloqasi to‘g‘risida” gi qonun xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirishga hamda pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Mazkur qonun pochta aloqasi xavfsizligini ta’minlash choralari to‘g‘risidagi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Xususan, pochta aloqasining xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kurerlik jo‘natmalari, pochta aloqasi vositalarining but saqlanishini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Tadbirda “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida” gi qonun mohiyati haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Ushbu qonunda ichimlik suv ta’minoti tashkilotining tarmoqlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ichimlik suv berish, quvurlardagi va konstruksiyalardagi avariyalar chog‘ida, ichimlik suv ta’minoti tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilayotganda, shuningdek favqulodda vaziyatlarda ichimlik suvni transportda yetkazib berilishi nazarda tutilgan. 

Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida sohani barqaror rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirish, nosozliklar oqibatida ichimlik suvi isrof qilinishining oldi olinishiga, iste’molchilar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar o‘rtasida ochiq va teng huquqli mexanizmlar joriy etilishiga erishiladi. Muloqot ishtirokchilariga “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risida” gi Senat qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar ham tahlil etildi. 

Reyting baholashga doir ma’lumotlarning markazlashgan elektron tizimini joriy etish bo‘yicha yoshlarportali.uz – Yoshlar portali platformasi joriy qilingan. Mavjud muammolarni mahallabay asosda tizimli bartaraf etish bo‘yicha “Yoshlar balansi” ni shakllantirish, “Yoshlar daftari” ni yuritish va “Yoshlar dasturi” ni amalga oshirish yo‘nalishi belgilab olingan. Muammolarni hal etish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holatini baholab borish bo‘yicha “Yoshlar daftari” elektron platformasi ishga tushirilgan. 

Xatlov natijalariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha 8,4 milliondan ortiq yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida “Yoshlar balansi” shakllantirildi. Shuningdek, mamlakatimizdagi mavjud 9 ming 348 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar yetakchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha elektron baholash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Amalga oshirilgan ishlar 5 ta bosqichda mahalla-sektor-tuman (shahar)-viloyat-Respublika darajasida tegishli sohalar kesimida baholab borilmoqda. Muloqot yakunida mahalliy Kengashlar deputatlari, davlat organlari mas’ullari tomonidan bir qator masalalar o‘rtaga tashlandi. Ular tegishli ravishda nazoratga olinishi ma’lum qilindi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA