Senat yalpi majlisini kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva parlament yuqori palatasining 2025 yildagi faoliyati natijalariga to‘xtaldi.
– 2025 yil Prezidentimiz boshchiligidagi Yangi O‘zbekiston islohotlarini amalga oshirishning muhim davri sifatida tarixga kirdi. Iqtisodiyotimizda jadal o‘sish sur’atlari kuzatildi. Kambag‘allik darajasi sezilarli darajada qisqarib, xalqimizning hayot sifati yanada yaxshilandi.

Senatning birinchi yalpi majlisida davlatimiz rahbarining bildirgan ishonchi va ustuvor vazifalaridan kelib chiqib, senatorlar, qolaversa, mahalliy kengashlar bilan o‘zaro hamjihatlikda islohotlarning huquqiy asoslarini yaratish va mustahkamlashga qaratilgan qonun ijodkorligida e’tiborga molik natijalarga erishdik. Ko‘plab soha va yo‘nalishlarga oid jami 136 qonun ko‘rib chiqildi. Qayd etish kerak, bu oxirgi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir, – dedi Senat Raisi.

O‘tgan yilda parlament nazorati samaradorligini oshirish, mahalliy davlat hokimiyati va vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish, fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, oila, bolalar manfaatlariga qaratilgan 13 qonunchilik taklifi ishlab chiqildi. Shundan 6 tasi belgilangan tartibda Qonunchilik palatasiga kiritildi (qolganlari kelishuv jarayonida).
Mahalliy kengashlar bilan birgalikda joylardagi o‘rganishlar, uchrashuvlar davomida aholini tashvishga solayotgan 1,5 mingdan ortiq masala aniqlandi va Hukumat kiritilgan taklif asosida ularni hal qilish uchun joriy yilda Davlat byudjetidan 2,2 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutildi. 2024 yilga solishtirganda bu qariyb ikki barobarga ko‘pdir.
N.Abduraimova,
F.Abdurasulov (surat), O‘zA