Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar senatorlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov hamda Bosh prokuror o‘rinbosari – harbiy prokuror Otabek Xolboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahri Bektemir tumanida aholi xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Bektemir tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘linmasida jamoat tartibini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar holati tahlil qilindi.
Tumandagi mahallalarda, jumladan, Oltintopgan mahallasida xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Mahallalarda videokuzatuv kameralari, domofon tizimlari hamda “tashvish tugmalari” o‘rnatilishi holati va mavjud muammolar o‘rganildi.

“Mahalla yettiligi”, profilaktika inspektorlari va boshqa mas’ul xodimlarning faoliyat natijalari muhokama qilinib, aholi xavfsizligini ta’minlashda tizimli yondashuvni yanada kuchaytirish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif yakunida Bektemir tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘linmasida yig‘ilish o‘tkazilib, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
***
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahri Yashnobod tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi.
Tumandagi “Arg‘in” va “Xosiyatli” mahalla fuqarolar yig‘inlarida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Kriminogen vaziyat nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalarda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar, aholi bilan ishlashga asoslangan ijtimoiy profilaktika mexanizmlarining amaliy samaradorligi tahlil qilindi. Bu borada profilaktika inspektorlari, mahalla faollari va boshqa mas’ul tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlik holatiga alohida e’tibor qaratildi.
Mahallalarda videokuzatuv kameralari, domofon tizimlari va “tashvish tugmalari” o‘rnatilishi holati o‘rganildi. Ishchi guruh tomonidan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, maishiy korrupsiya holatlarining oldini olish hamda tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Ishchi guruh a’zolari aholini qiynab kelayotgan muammolar yuzasidan fuqarolar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazdi.
O‘rganish va tahlillar natijalari “mahalla yettiligi”, profilaktika inspektorlari va boshqa mas’ul xodimlar ishtirokida muhokama qilinib, aholi xavfsizligini ta’minlashda tizimli yondashuvni yanada kuchaytirish, aniqlangan muammolarni bartaraf etish va profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA