Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatorlar 2026 yilgi Davlat byudjetini ma’qulladi (+video)
17:24 / 2025-12-18

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.  

Majlisda jamiyat hayoti, iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy soha, qonunchilikni takomillashtirish hamda parlament nazoratiga oid masalalar ko‘rib chiqilmoqda.  

Yalpi majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva 2025 yil o‘z yakuniga yetib borayotgani, bu yil mamlakatimizda jadal o‘zgarish va yangilanish jarayonlariga boy bo‘lganini ta’kidladi. Islohotlar markazida inson turgani bois, asosiy e’tibor barcha hududlarni rivojlantirishga qaratilmoqda. Muhimi, yurtimizda real o‘zgarishlar amalda namoyon bo‘lmoqda.

– Prezidentimiz islohotlar yurtimizning har bir hududiga chuqur kirib borishiga alohida  e’tibor qaratmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Doimiy ravishda hududlarga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan bevosita tanishmoqda. Islohotlarning samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha mas’ullarga muhim vazifalarni belgilab bermoqda. Kambag‘allikni qisqartirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy harakatlar jadallashib bormoqda. Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushdi. Kambag‘allik 6 foizgacha kamaymoqda. Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi. Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish maqsad qilingan. Yangi, zamonaviy uy-joylar, ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma inshootlari barpo etilib, aholi va tadbirkorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratilmoqda.

Majlisda asosiy e’tibor “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga qaratildi.  

Ushbu masala bo‘yicha ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, yalpi ichki mahsulotning o‘sish suratlari va soliq-byudjet siyosatidagi o‘zgarishlardan kelib chiqib, konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trillion so‘m, xarajatlari esa 567,6 trillion so‘m miqdorida belgilanganini qayd etdi.  

Byudjet taqchilligini YAIMga nisbatan 3,0 foiz miqdordan oshirmaslik rejalashtirilmoqda. Davlat byudjeti daromadlari 368,9 trillion so‘m, xarajatlari esa 402,6 trillion so‘m miqdorida rejalashtirilgan. Kelgusi yil byudjetida ham ijtimoiy soha xarajatlari salmoqli ulushni tashkil etadi. Xarajatlarning 54,7 foizdan ortig‘i yoki 220,1 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.  

Muhokama jarayonida senatorlar byudjet daromadlarini oshirish va byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratdi. 2026 yilda makroiqtisodiy siyosat sohasida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va davlat dasturlarida nazarda tutilgan boshqa muhim tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi. Muhokama yakunida senatorlar mazkur qonunni ma’qulladi.

Yalpi majlisda 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qonunlar ko‘rib chiqildi.  

Byudjet jarayonini takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir o‘zgartirishlar kiritishga oid qonunlar muhokama qilindi.  “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirish, atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish bilan bog‘liq qonunlar muhokama markazida bo‘ldi.

Yalpi majlis ertaga o‘z ishini davom ettiradi.  

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YBU4De8qTQY" title="Senatorlar 2026 yilgi Davlat byudjetini maʼqulladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Norgul Abduraimova,

Nosirjon Haydarov (surat), Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA