SENATOR XALQ ORASIDA: na asfalt yotqizilgan, na shagʻal toʻkilgan...
Parlament yuqori palatasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu masalani senator Malika Qodirxonova oʻrgandi.
4-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatiga Toshkent viloyati Zangiota tumani “Oybek” MFYda yashovchi bir guruh fuqarolar murojaatida aytilishicha, 2019-yilda ushbu hududdagi 47 xonadon buzilishga tushishi haqida aholi ogohlantirilgan va ularga tegishli tartibda kompensatsiya puli toʻlab berilgan. Tuman hokimligi mutasaddilari yangi mahallaga barcha zarur kommunikatsiyalar oʻtkazib berilishini bildirgan. Ammo bu ishlar oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.
Parlament yuqori palatasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ushbu masalani senator Malika Qodirxonova oʻrgandi.
Aniqlanishicha, haqiqatan ham uyi buzilgan aholining nomiga plastik karta ochilib, kompensatsiya pullari oʻtkazib berilgan. Qolaversa, Zangiota tumanidan “Nigora baxt agro” fermer xoʻjaligining foydalanilmaydigan yerlaridan joy ajratilgan. Oʻz navbatida, hududda fuqarolar tomonidan uy-joy qurilgan. Biroq yoʻllarga na asfalt yotqizilgan, na shagʻal toʻkilgan. Ahamiyatlisi, Senatga murojaat qilingandan soʻng bir kun ichida koʻchaga shagʻal toʻkilgan.
Yana bir jihati: mutasaddilar shu kunga qadar hududni mahallaga qoʻshish, kommunal xizmatlari koʻrsatilishiga eʼtibor qaratmagan. Afsuski, fuqarolar bu borada bir necha marotaba tegishli idoralarga murojaat qilishiga qaramay, ularga toʻgʻri yoʻnalish koʻrsatilmagan.
Senator aralashuvi bilan esa endilikda ushbu hudud “Obod” MFY hududiga kiritiladigan boʻldi. Qolaversa, kanalizatsiya, elektr energiyasi, ichimlik suvi va gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammo bartaraf etiladi. Mahallada bolalar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi maqsadida sport maydonchasi ham quriladi.
Yangi koʻp qavatli uylardan xonadon olish uchun boshlangʻich toʻlovni toʻlagan, ammo uy-joy berilmayotgani bilan bogʻliq holat qonuniy koʻrib chiqilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarga koʻrsatma berildi.