O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov Navoiy viloyatida bo‘lib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisi mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish hamda yoshlar bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan hududlarda uchrashuvlar o‘tkazdi.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti talabalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv avvalida universitet rektori Baxtiyor Mardonov oliygohda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Q.Tursunov bugungi kunda Yangi O‘zbekistonning jahon siyosatidagi o‘rni, olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mazmuni va ularning yoshlar hayotidagi ahamiyati haqida batafsil fikr-mulohazalar bildirdi.
Senator zamonaviy davr – “raqamli dunyo”da axborot xavfsizligini ta’minlash, yoshlarning ijtimoiy faolligi, bilim va ko‘nikmalarini zamon talablari asosida shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.

Bugungi kunda universitetda 42 nafar fan doktori, 170 nafar falsafa doktori va fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ilmiy salohiyat esa 65 foizdan oshdi.
Prezidentimizning “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Zarafshon shahrida joriy o‘quv yilidan universitetning yangi fakulteti tashkil etildi.

Hozirda universitetda konchilik, energetika, kimyo-metallurgiya, iqtisodiyot, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida 11 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Mazkur o‘quv yilida bakalavriat kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarini 590 nafar, sirtqi ta’lim shaklini 1190 nafar hamda magistratura bosqichini esa 53 nafar yosh mutaxassis tamomladi. Bitiruvchilarning qariyb barchasi ishga joylashtirilgan.

Tadbirda yoshlar o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirib, savollariga Senatordan atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri