Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senator qabulida 25 dan ortiq murojaat joyida hal etildi
18:22 / 2022-02-26

Inson qadr-qimmati har narsadan ustun.

 Bugun ushbu tamoyil asosida aholi bilan uchrashuvlar, sayyor qabullar o‘tkazilib, ularning murojaatlarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada Oliy Majlis Senati tomonidan ham qabul kunlari tashkil etilib, turli hududlardan kelgan fuqarolarning murojaatlari tinglanmoqda, ularga qonuniy yechim topish choralari ko‘rilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov tomonidan navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi. Unda Oliy sud, Bosh prokuratura, Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi mas’ul rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Mazkur qabul jarayonida fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, sud-huquq organlari, aliment undirish, uy-joy, moddiy ta’minot va boshqa muammolarga oid 60 dan ortiq murojaatlari atroflicha o‘rganildi.

Senator fuqarolar o‘z murojaatlarida ko‘targan har bir masala va muammoga jiddiy e’tibor qaratdi. Masalan, fuqaro F.Abduhalimova aliment majburiyatlari bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lanmay kelayotgan qarzdorlikni tegishli tartibda undirib berish bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qilgan. Fuqaroning ushbu murojaati mutasaddi idoralar tomonidan qonuniy tartibda ko‘rib chiqildi va hal etildi.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidan kelgan fuqaro G.Shodiqulova himoya orderi olish masalasida qator idoralarga murojaat qilgan. Ammo murojaati hal etilmagani bois parlament yuqori palatasiga kelishga majbul bo‘lgan. Uning himoya orderi olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari tomonidan shu joyning o‘zida hal etildi.

Umuman, qabul davomida 25dan ziyod murojaatlar joyida hal qilindi, qolgan murojaatlar qo‘mita tomonidan nazoratga olindi hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan qonuniy ko‘rib chiqish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

M.Komilova, O‘zA