FOTOREPORTAJ
Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonun hujjatlari va boshqa masalalarning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berish ishlari davom etmoqda. Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Manzura Salimova ayni maqsadda Farg‘ona viloyatida bo‘lib, turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Farg‘ona shahrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilayotgan “Eko shahar”da ayni paytda qurilish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Yangi shaharning bezagi bo‘lishi kutilayotgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida ham bunyodkorlik ishlari avjida. Senat a’zosi jarayonning borishi bilan yaqindan tanishdi.
Taqdir taqozosi bilan ota-onasiz qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, shu bilan birga uy-joyga ega bo‘lmagan Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga e’tibor kuchaygani yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo inson qadri uchun xizmat qilayotganining yorqin isboti bo‘lmoqda. Senat a’zosi o‘tgan yili uy-joy bilan ta’minlangan Angelina Kotova hamda Tohirbek Kulikovlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning turmush sharoitlari ko‘zdan kechirdi. Ayni paytda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikka javoban O‘zbekistonimiz taraqqiyotiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shish niyatida ekanligini bildirdi. O‘tgan yili Farg‘ona tumanidagi Satkak qishlog‘ida yashovchi Valiyevlar oilasi Marg‘ilon shahridagi “Mehribonlik uyi”da tarbiyalanayotgan 5 nafar 9-12 yoshli bolani o‘z qaramog‘iga olgani xalqimizning naqadar saxovatpesha ekanligining amaldagi ifodasi bo‘lgan edi. Ushbu xonadonga tashrif buyurgan senat vakili va mahalla faollari yaqin o‘tmishda ota-ona mehriga tashna bo‘lgan bolalarning baxtiyor chehralarini qo‘rib, mamnun bo‘ldi. Mehmonlari bir yilda 4 nafar farzandini 9 nafarga yetkazib olgan, ularga o‘zgacha mehr bilan tarbiya berayotgan xonadon sohiblari Ziyodaxon va Nabijon Valiyevlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Uchrashuvlar rejasiga ko‘ra, senator ishtirokida Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi kotibiyatida videokonferensaloqa shaklida tuman-shahar Kengashlari kotibiyatlari mudirlari, doimiy komissiyalar raislari jalb etilgan holda onlayn muloqot o‘tkazildi. Unda joriy yilning fevral oyida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va boshqa masalalarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Senator shuningdek, Farg‘ona shahridagi Qirguli mavzesida yaqindan ishga tushirish uchun tayyorlanayotgan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi binosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
[gallery-5809]
Muqimjon QODIROV (surat) O‘zA