Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senator mahalliy Kengashlar vakillari bilan uchrashdi
10:01 / 2023-06-15

Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida doimiy ishlovchi senator Mahmudjon Parpiyev Namangan viloyatida Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralarini keng targ‘ib etmoqda.

Namangan shahrida Xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlari kotibiyat mudirlari, deputatlar ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda qayd etilganidek, yurtimizda 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi. Taraqqiyot strategiyasida yettita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan. Davlat dasturi ijrosi doirasida yaqin to‘rt yil davomida 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiriladi.  

[gallery-12342]

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazorati olib borilmoqda. Senator aytib o‘tganidek, joriy yil 1-2 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Senatning navbatdagi yalpi majlisida 11 ta masala, shu jumladan 7 ta qonun ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash kerakki, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlari, shuningdek, ularning rahbarlari qonunchilikka asosan javobgar bo‘lishlari belgilanganiga qaramasdan, bu norma qonunchilik hujjatlarida o‘z aksini topmagan.  

Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasining amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan, endilikda yillik bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida soliq to‘lashi qayd etilmoqda.  

Muloqot yakunida mahalliy Kengashlar kotibiyat mudirlari hamda deputatlar tomonidan ayrim qishloqlarga berilgan shaharcha maqomini qayta ko‘rib chiqish, mahalla va ko‘chalarga nom berishda hududlarning kelib chiqish tarixiga ahamiyat qaratish haqidagi dolzarb masalalar o‘rtaga tashlanib, ular senator tomonidan nazoratga olindi.  

Oqilxon Dadaboyev,

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.