Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senator Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktoriga so‘rov yubordi
17:13 / 2024-03-12

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Anvar To‘ychiyev Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktoriga senator so‘rovi yubordi.

Buning sababi shuki, Senat tomonidan joriy yil yanvar-fevral oylarida Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar tahlili viloyatda hokim yordamchilarining ko‘magida aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni daromadli mehnat bilan band qilish borasida salmoqli natijalar bilan birga bu borada yechimini kutayotgan ayrim masalalar mavjudligini ko‘rsatgan.

So‘rovda qayd etilishicha, 2023-yilda tashkil etilgan 2 ming 824 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektining 53,8 foizi faoliyatini to‘xtatib qo‘ygan.

Hokim yordamchilari ko‘magida mikroloyihalar va mikromarkazlar tashkil etish hisobiga aholi bandligining ta’minlanishi rejaga nisbatan atigi 36 foizni tashkil qilgan.

Imkoniyat va shart-sharoitlar yetarli bo‘lishiga qaramasdan Guliston shahrida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 890 nafar ishsiz xotin-qizdan atigi 15 nafari doimiy mehnat bilan band. Oqoltin tumani va Shirin shahrida esa bunday toifadagi xotin-qizlar bandligini ta’minlashda subsidiyalash mexanizmidan umuman foydalanilmagan.

2023-yil mobaynida "20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 24 tadbirkorlik subyekti tomonidan tijorat banklariga jami 112,8 milliard so‘mlik kredit olish uchun kiritilgan arizalarining 17 tasiga avtomatik skoring tahlili orqali ijobiy xulosa berilgan bo‘lsada, amalda bor-yo‘g‘i 2 nafar tadbirkorga kredit ajratilgan.

Hokimliklarga aholi va tadbirkorlik subyektlarining tadbirkorlik masalasidagi murojaatlari soni o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, senator agentlik direktoridan faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarining mavjud muammolarini mahallabay ishlash asosida o‘rganish va bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kredit mablag‘larining o‘zlashtirilishi hamda subsidiya mablag‘larining ajratilishi past bo‘lgan hududlardagi hokim yordamchilarining mas’uliyatini oshirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘radi.

So‘rovda mahallada bo‘sh turgan bino-inshootlar va yer maydonlarini aniqlash, ularni belgilangan tartibda auksion savdolariga chiqarish, ushbu jarayonga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish ishlarining tashkil qilinganligi yuzasidan ma’lumot taqdim etilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, hokim yordamchilari mehnatini munosib baholash va ularni rag‘batlantirish borasida Agentlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda ko‘rilgan chora-tadbirlar, shuningdek, hokim yordamchilari faoliyatiga oid amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdim etish so‘raldi.

N.Abduraimova, O‘zA