Guliston tuman hokimligida muhim ishchi uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining raisi Alisher A’zamxo‘jayev ishtirok etdi.
Tashrif davomida senator mahallalardagi ahvolni o‘rganish va mahalliy aholi bilan ochiq muloqot olib borish maqsadida Xalq deputatlari Guliston tumani Kengashi deputatlari, tuman hokimligi mas’ullari hamda “mahalla yettiligi” vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot jarayonida mahallalardagi ijtimoiy masalalar, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalar va amalga oshirilayotgan islohotlar atroflicha muhokama qilindi.


Shundan so‘ng, senator tuman hududida turizmni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan tanishdi. Xususan, Sirdaryo bo‘yida barpo etilishi rejalashtirilgan zamonaviy dam olish maskanlari, turistik zonalar va investitsiya loyihalari taqdim etildi. Bu loyihalar mahalliy aholi uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, hududning turizm salohiyatini oshirish va investitsiya faoliyatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.


Tashrifning navbatdagi manzili “Chortoq” mahallasida joylashgan “Guliston Chiken Stevs” MCHJ bo‘ldi. Senator bu yerda parranda go‘shti mahsulotlarini qayta ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Mahalliy korxona zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tizimi va ichki bozordagi ulushi bilan alohida o‘ringa ega.
Uchrashuv yakunida senator “Ishonch” mahallasida faoliyat yuritayotgan sun’iy tolali ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxona — “Mili Teks Sirdaryo” MCHJ faoliyati bilan tanishdi. Korxona hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahsulotlarni xorijga eksport qilishda namuna ko‘rsatmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri