Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senator mahalla ahlining muammolarini tingladi
19:18 / 2022-03-24

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Abdug‘ani Sanginov Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Sebzor mahallasida bo‘lib, aholi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Tog‘li hududdagi mahalla tarkibidagi to‘rtta qishloqda 1 ming 770 dan ortiq oila bo‘lib, ularda 7 mingdan ziyod aholi yashaydi. Uchrashuvda mahalla ahlini ko‘pdan buyon o‘ylantirib kelayotgan muhim masalalar muhokama etildi. Shundan so‘ng senator va mutasaddilar o‘rtaga tashlangan bu muammolarni joyiga chiqib, o‘rgandi.

Tog‘li tumanda ayniqsa, bahor mavsumida yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lishi tog‘oldi hududlarda davomli sel kelish xavfini yuzaga keltiradi. Jumladan, mahallaning Sarijo‘y qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi Sho‘rob soyi ustida barpo etilgan ko‘prik ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Sel serob bo‘lgan yillarda ko‘prikdan toshib, aholi ekinlariga jiddiy talofat yetkazmoqda. Yo‘l harakatiga to‘sqinlik qilayotir.

Mazkur murojaat bo‘yicha ko‘prikning bugungi holatini ko‘zdan kechirgan senator uni tegishli mutasaddilar va mutaxassislarning tegishli xulosasi asosida ta’mirlash yoki qayta barpo etishni ma’lum qildi.

Navobod qishlog‘ida yashovchi aholi vakillari hududdagi 51– maktabga qatnaydigan yo‘ldagi nosozlikdan arz qilib, senatordan yordam berishni so‘radi. Chunki, bu holatdan ko‘proq maktab o‘quvchilari aziyat chekmoqda. Ular muqobil yo‘l sifatida chuqur va oraliq masofasi uzun bo‘lgan zovur ustidagi qalin quvurdan ko‘prik sifatida foydalanayapti. Bu o‘quvchilar uchun ayniqsa yog‘in-sochinli kunlarda muayyan qiyinchliklarni yuzaga keltirib, ularning hayotiga xavf tug‘dirmoqda. Qishloq ahlining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan mazkur masala joyida nazoratga olinib, muammo o‘n ish kunida to‘liq bartaraf etiladigan bo‘ldi.

Shu kuni mahalla ahli senator A.Sanginovga o‘zlari duch kelayotgan boshqa hayotiy muammolarni hal etishga ko‘maklashish yuzasidan ham murojaat etdi. Uchrashuvda o‘rtaga tashlangan va ma’lum vaqt talab etadigan bu masalalarni yechishning eng samarali yo‘llari izlandi. Har biri bo‘yicha tegishli chora belgilanib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri