Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi iqtisodiy va ijtimoiy hayot bilan yaqindan tanishish maqsadida mahalliy Kengash deputatlari, doimiy komissiyalari va “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, u nuroniylar va yoshlar bilan ham muloqot qildi.
Uchrashuvlarda asosiy e’tibor tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sanoat va ishlab chiqarishni kengaytirish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish orqali hududiy eksport hajmini oshirishga qaratildi. Shuningdek, shaharda olib borilayotgan islohotlar doirasida yangi sanoat va turizm zonalarini rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.

Safar doirasida senator Guliston shahrida faoliyat yuritayotgan polipropilen qop mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “MMX PRO” MCHJ va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Chelebi tekstil” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu korxonalarda ish jarayonlari, texnologiyalarni qo‘llash va ishchi kuchini samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Senator ta’kidlaganidek, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini to‘liq quvvatda ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishi, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, mahalliy kadrlar malakasini oshirish va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish eng ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Tadbirkorlar, investorlar va ishbilarmonlar bilan muloqot mobaynida mahalliy va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda shaharning investitsiya salohiyati, amalga oshirilayotgan loyihalar, eksport imkoniyatlari va kelgusi rejalar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, tegishli takliflar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish mexanizmi muhokama qilindi.

Safar yakunida senator Alisher A’zamxo‘jayev shaharda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va sanoat tarmog‘idagi ishlarni yuqori baholab, investitsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yosh kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri