English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senator: «Er va xotinning majburan yashashiga chek qo‘yish kerak»
11:01 / 2022-08-29

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova Quyi Chirchiqda ro‘y bergan noxush holat yuzasidan munosabat bildirib, quyidagi fikrlarni bayon qildi:

– Gazak olib ketgan muammo bir chetda qolib, er va xotinni yarashtirishga urinishga ko‘proq urg‘u berish, bu bilan maqtanish avj olgani sir emas.

Aynan shuning uchun ham majburan birga yashayotgan oilalarda erning ayolga zo‘ravonlik qilishi, hatto unga og‘ir tan jarohati yetkazishi, o‘ldirib qo‘yishi kabi holatlar uchrab turibdi.

Yaqinda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida er rashk sabab turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylandi.

Surishtirib ko‘rilsa, ayol oiladagi kelishmovchilik sabab o‘z ota-onasining uyiga ketib qolgan. Er va xotin dunyoqarashining bir-biriga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi, ayolning o‘zi istamagan ishlarga majburlanishi, kaltaklanishi uni oilani tark etishga majbur qilgan. Bunday vaziyatda er shu ayol bilan yashashni xohlasa, uni tushunishga harakat qilishi, ko‘ngiliga qarashi kerak.

Biroq, ayrim erkaklardagi o‘z xohishini amalga oshirish, «mening aytganim bo‘ladi, bo‘lmasa, o‘ldiraman», deb ayolga tazyiq o‘tkazishi, ming afsuski, keyingi paytda avj oldi.

Mazkur qotillik ham shuni ko‘rsatib turibdi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tegishli tashkilotlar bilan birga nizoli oilalarni aniqlash, muammolarni o‘rganish va hal etishga harakat qilib kelmoqda.

Biroq, yuqorida aytilganidek, oilaviy ajrimlarga yo‘l qo‘ymaslikka intilish baribir kuchli. O‘ylashimizcha, er va xotinning majburan yashashiga chek qo‘yish kerak.

To‘g‘ri, tushunmovchilik yuz berganda, kattalarning aralashuvi, nasihati bilan tinch yashab ketadigan er-xotinlar ham bor. Ammo, muammo chuqurlashgan, o‘zaro rishtalar uzilib ketgan holatlarda mas’ullar buni hisobga olishi kerak.

Yoshlarni oilaga tayyorlash, xususan, ularning salomatligi, ruhiy holati, ish bilan ta’minlanganligi kabi jihatlarga e’tiborni kuchaytirish esa juda muhim.



O‘zA