Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senator boshchiligida oqova suv tozalash inshootlari faoliyati o‘rganildi
18:11 / 2023-03-10

Mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan ulkan sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Tabiiyki muayyan natijalar ham qo‘lga kiritilayotir. Albatta, bu natijalar salmoqli bo‘lishida parlament vakillari tomonidan muntazam o‘tkazilayotgan o‘rganishlarning ham alohida o‘rni bor.

Buni yaqinda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining 2023 yil qo‘shma ish rejasi asosida Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi B.Alixonov hamda Qonunchilik palatasi deputati I.Xushvaqtov, mutasaddi vazirlik va tashkilotlar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan poytaxtimizdagi oqova suv tozalash inshootlari faoliyati o‘rganilgani misolida ham ko‘rish mumkin.  

Gap shundaki, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi 6-milliy maqsadi barcha uchun suv resursi va sanitariya mavjudligi hamda ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘lib, bu orqali 2030 yilgacha suvning ifloslanishini sezilarli ravishda kamaytirish, oqova suvlarni xavfsiz tarzda qayta ishlash hajmini oshirish vazifasi ilgari surilgan. bugungi kunda Toshkent shahrining 12 ta tumanida hosil bo‘lgan oqova suvni “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ tizimiga qarashli “Bo‘zsuv”, “Salar” va “Bektemir” oqava suv tozalash inshootlari qabul qiladi hamda tozalaydi. Birgina “Bo‘zsuv” inshootini olib qaraydigan bo‘lsak, u 1963 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, asosan Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Chilonzor, Uchtepa va qisman Zangiota tumanlariga xizmat ko‘rsatadi. Inshoot quvvati 735 ming m3/sutka bo‘lib, amalda 670-700 ming m3/sutka oqova suv qabul qilinmoqda.  

– Inshootda oqova suvlar tozalash texnologiyasida mexanik-biologik va zararsizlantirish tozalash usullaridan foydalaniladi, – deydi “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ direktori Maqsud Abbasxanov. – Quyqalarni va oqova suvni zararsizlantirish elektrolizlash yo‘li bilan ishlab chiqarilgan gippoxlorid-natriy bilan dezinfeksiyalanadi. U “Ximbaklaboratoriya” ga ega bo‘lib, bu yerda kimyoviy, bakteriologik tahlil asosida nazorat qilib boriladi. “Bo‘zsuv” inshootining samaradorligi 71 foizni tashkil qiladi. “Salar” inshooti esa 960 ming m3/sutka quvvatiga ega. Poytaxtimiz aholisining oqova suv xizmati bilan ta’minlanganlik darajasi bugun 90,5 foizni tashkil etadi. Lekin Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylar qurilishi va sanoat korxonalari rivojlanishi natijasida oqova suv xizmatiga bo‘lgan yuklamalar ortib bormoqda. Salar kanalining oqova suv tozalash samaradorligini oshirish uchun Toshkent shahar mahalliy byudjeti hisobidan 11,6 milliard so‘m ajratilgan. Rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgach, uning quvvati 100 ming m3ga oshadi.  

Shuningdek, o‘rganish davomida ishchi guruh a’zolari tomonidan “Salar” inshooti samaradorligini oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.  

Ishchi guruh tomonidan Toshkent viloyati hududidagi oqova suv tozalash inshootlarida ham o‘rganishlar o‘tkazildi.  

Hozirgi paytda viloyatning 16 ta tuman va shahar aholisiga “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ tizimiga qarashli 9 ta oqova suv tozalash inshooti xizmat ko‘rsatib kelmoqda. O‘rganishlar jarayonida mazkur inshootlarning bugungi holati bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.  Ishchi guruhning o‘rganishlari joylarda davom etmoqda.  

Nilufar Bozorova, O‘zA