Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga tashrif buyurdi.
Markazda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda sohaga ilm-fan yutuqlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida mazkur sohaga oid hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi ijrosining holati, bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar tahlil qilindi.
Xususan, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimiga kiruvchi 13 ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati transformatsiya qilinib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi ilmiy yo‘nalishlar – “yangi drayver”lar tashkil etilgan.

Jumladan, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutida qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashtirishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan 14 xorijiy ilmiy muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 30 shartnoma va memorandum imzolangan. Natijada umumiy qiymati 78 milliard so‘mlik xalqaro grant loyihalari amalga oshirilgan.
Tuproqni muhofaza qilish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va yerlarni lazerli tekislash bo‘yicha ilmiy-metodik asoslar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Shuningdek, tuproq tarkibidagi foydali mikroorganizmlar faolligini oshirish, suv va ozuqa rejimini yaxshilash maqsadida “Biochar” va “Jivamrut” kabi tabiiy bioo‘g‘itlardan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida esa zamonaviy biotexnologik va molekulyar-genetik tahlillarni amalga oshirishga ixtisoslashgan “G‘o‘za biotexnologiyasi” laboratoriyasi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, markazda Vengriya davlati bilan hamkorlikda zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan “In-vitro” laboratoriyasi faoliyat olib bormoqda.
O‘rganish davomida soha mutaxassislari va olimlar bilan sohadagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish hamda islohotlarni izchil davom ettirish, amaliy natijadorlikni yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilib, kelgusida rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA