Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senator 102 yoshli Abdurahim ota xonadonida
15:25 / 2021-05-04

Keksalarni hurmat qilish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish jamiyatning ma’naviy va madaniy darajasini namoyon etadi.

Joriy yilda Prezidentimiz tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoni faxriylarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir amaldagi ifodasi va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga qanot bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bayram arafasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va kasaba uyushmasi kengashi tomonidan Olmaliqda istiqomat qiluvchi barcha Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front ortida jasorat ko‘rsatgan piru badavlat keksalar va mehnat faxriylarining holidan xabar olinib, ularga alohida ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Faxriylarga har yili kombinat tomonidan e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, faxriylarning xonadonlarini tozalash va ularning uy yumushlariga yordam beriladi. Har bir bayramga oziq-ovqatlar va pul mukofotlari tuhfa etiladi

Joriy yilda ham Ikkinchi jahon urushi faxriylariga kombinat tomonidan 5 million so‘mdan pul mukofotlari taqdim etilmoqda.

Terakli mahallasida istiqomat qiluvchi, 102 yoshli urush qatnashchisi Abdurahim ota Mavlonovning xonadoniga kombinat boshqaruvi raisi, senator Abdulla Hursanov tashrif buyurdi.

Jangohlarda kechgan xotiralarini yodga olar ekan, Abdurahim ota bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar keltiradi. Yoshlarga tinchlikni qadrlash, ona Vatanni sevish lozimligini uqtirib, o‘zining hayotiy nasihatlarini berdi.

108 nafar nevara va evaraning bobosi bo‘lgan Abdurahim ota Yaratgandan yurt tinchligini so‘rab, qo‘lini duoga ochdi hamda bunday g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun Prezidentimizga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Uchrashuv davomida Abdulla Hursanov Abdurahim otaning ko‘rsatgan jasorati barchaga namuna ekanligini, hozirgi tinch, osuda hayotimizga zamin yaratgan ota-bobolarimizning qahramonliklari oldida biz avlodlar har doim faxrlanishimizni ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir davomida «Metallurg» madaniyat saroyi badiiy dastalari tomonidan urush davrlarini yodga oluvchi qo‘shiq va raqslar ijro etildi. Abdurahim otaning evaralari yod olgan she’rlarini o‘qib berishdi.

Tadbirda Abdurahim otaga esdalik sovg‘alari va pul mukofoti taqdim etildi.

Umida Qarshiboyeva,

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati axborot xizmati rahbari