Bugun, 2025 yil 28 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Majlis jarayonlari Senatning YouTube tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali onlayn yoritib borilmoqda.
Majlisda soliq, tadbirkorlik, ma’muriy va jinoyat protsessual qonunchilik sohalaridagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid masalalar muhokama qilinadi.
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish tizimini joriy etish bo‘yicha yangi qonun ham senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ham o‘rin olgan.
Majlis kun tartibi doirasida ustuvor xalqaro reytinglar va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mamlakat hududlarida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqidagi axboroti eshitiladi.
Bundan tashqari, Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining mahalliy kengashlar faoliyatiga amaliy va uslubiy jihatdan ko‘maklashish borasida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi axboroti eshitiladi.
Bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yaxshilash, hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini tor doiradagi mutaxassislar bilan, moddiy-texnik holat talabga javob bermaydigan ayrim tibbiyot muassasalarini esa zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan ta’minlashga qaratilgan choralar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ham ko‘rib chiqiladi.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA