O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi yakuniga yetdi.
Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yalpi majlisda 20 ga yaqin masala ko‘rib chiqildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borgan majlisda ko‘rilgan, senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilingan har bir masala xalqimiz hayotini yaxshilashga, jamiyatimiz farvonligi va barqarorligini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Birgina diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlashga oid qonun jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik jinoyatidan jabrlangan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishga qaratilgan qonun xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytiradi.
Yalpi majlisning uchinchi ish kunida Qatar bilan ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga oid, Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha Orxus konvensiyaga qo‘shilish, Malayziya bilan jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnoma, Umumjahon pochta ittifoqining muhim hujjatini ratifikatsiya qilishga oid qonunlar ma’qullandi.
Bu qonunlar xalqaro aloqalar va davlatlararo munosabatlarni yanada yaxshilashga, mamlakatimizing xalqaro maydonda tutgan o‘rni mustahamlanishiga zamin yaratadi.
“Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi masala senatorlar ko‘rib chiqqan yana bir dolzarb masalalardan biri bo‘ldi.
– Xususan, aholining uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha takliflaridan kelib chiqib, fuqarolar uchun qulay bo‘lgan Samarqand shahridan o‘tgan Zarafshon daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab 15 km uzunlikdagi masofada qiymati 10 milliard dollarlik “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar kompleksini barpo etish maqsad qilingan, - dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. - Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidan 243 gektar, Samarqand tumanidan 170 gektar, jami 413 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Natijada amaldagi 252 gektardan iborat “Shirin” mavzesi hududi kengaytirilib, jami 665 gektar maydonni tashkil etadi. E’tiborli jihati “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi to‘liq barpo etilishi natijasida turli sohalarda 50 mingga yaqin aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/yeEoAmRRcn0" title="Senatning to`rtinchi yalpi majlisi yakuniga etdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Senatorlarning yakdil fikriga ko‘ra, viloyatdagi chegaralarning o‘zgartirilishi Samarqand shahrining me’moriy qiyofasini yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni ta’minlash va, eng asosiysi, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
Nishon Abduvoitov (video), Iskandar Ismatov (montaj), O‘zA