O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.
Yalpi majlis birinchi ish kunida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, muvofiqlikni baholash organlarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar ma’qullandi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish hamda boshqa bir qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishga oid qonunlar ko‘rib chiqildi.
Majlisning ikkinchi ish kunida “Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875 yil 20 may, 1907 yil 17 oktyabrdagi, 1913 yil 11 oktyabrdagi va 1921 yil 6 oktyabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni ko‘rsatish, shuningdek tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi. Bundan tashqari, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularga kvota ajratish hamda sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan esa tegishli vazirga parlament so‘rovlari yuboriladi.
Yalpi majlis doirasida hukumat a’zolari, tegishli vazirlik va idora rahbarlarining axborotlarini eshitish hamda joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borish rejalashtirilgan.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA