Bugun – 2023 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining qirq to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda.
Yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Jumladan, “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” hamda “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, majlisda Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini o‘rganish natijalarini muhokama qilish ham rejalashtirilgan.
Norgul Abduraimova,
O‘zA