French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida muhim masalalar ko‘rib chiqildi
13:08 / 2026-03-06

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

2025-yilda Bolalar ombudsmani nomiga kelib tushgan murojaatlar soni sezilarli oshgan bo‘lib, ularning 509 tasi (26,3 foizi) ijobiy hal etilgan, 708 tasi (36,6 foizi) bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 573 tasi (29,6 foizi) tegishliligi bo‘yicha yuborilgan.

Senatorlar Bolalar ombudsmani faoliyatining samaradorligini oshirish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, nazorat va ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalarini bildirdi.

Majlisda “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Tahlil natijalari ko‘rsatishicha, amalda bo‘lgan qonun qariyb 20 yil avval qabul qilingani sababli hozirgi kun talablariga to‘liq javob bermaydi. Yangi qonun avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish, transport sohasida axborot tizimlarini integratsiyalash, tirbandlikni kamaytirish va investitsiyalarni jalb qilish kabi masalalarni tartibga soladi.

“Qo‘riqlash faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Muvofiqlik, jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning mol-mulkini himoya qilish va qo‘riqlash tizimini zamonaviylashtirish mazkur qonunning asosiy maqsadi ekani ta’kidlandi. Senatorlar qo‘riqlash tizimining samaradorligini oshirish, profilaktika choralarini kuchaytirish va vakolatlarni aniqlashtirish bo‘yicha tavsiyalar bildirdi.

Senatorlar, ekspert guruhi a’zolari, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbar xodimlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan muhokama yakunida qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA