Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatga yo‘llangan aholi murojaati hal bo‘ldimi?
11:49 / 2024-03-30

Senatga Buxoro viloyatining Olot tumanida yashovchi bir guruh fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalarining kadastr hujjatlarini to‘liq rasmiylashtirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Senatning bugun bo‘lib o‘tayotgan yalpi majlisida mazkur murojaat qanday yechim topganiga e’tibor qaratildi.  

Ushbu murojaatda ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish bo‘yicha Senat kengashining qarori bilan ishchi guruh tuzilgan.

 Ishchi guruh tomonidan Olot tumanida 1991 - 2000-yillar davomida uy-joylarni xususiylashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar va fuqarolarga berilgan egalik orderlari hamda tegishli yig‘ma jildlar xatlovdan o‘tkazilgan.  

Fuqarolarning murojaatida qayd etilgan uy-joylarni ajratish, ularga huquqiy maqom berishga oid hujjatlar, shu jumladan, arxiv hujjatlari hamda masalaga oid yer va soliq qonunchiligi o‘rganildi.

Xatlovda Olot tumanidagi to‘rtta mahalla fuqarolar yig‘inida xususiylashtirish jarayonida yerga egalik huquqi berilmagan 289 ta turar-joy aniqlanib, ularning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. O‘rganishlar ushbu masalaning dolzarbligini hamda bu kabi muammolar respublikaning boshqa hududlarida ham mavjudligini ko‘rsatdi.

Shu sababli, mazkur masalalar respublika miqyosida o‘rganib chiqildi.  

O‘rganishlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan  

yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan 3,8 milliondan ortiq (493 ming gektar) yer uchastkalari mavjudligi aniqlandi.

Aniqlangan holatlarga qonuniy yechim berish maqsadida dastlab Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi. Loyihani taalluqli idoralar bilan kelishish jarayonida ushbu masala qonun darajasida hal etilishi haqida to‘xtamga kelindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 59-sonli bayoni bilan ham ushbu masalani qonun loyihasini ishlab chiqqan holda hal etish vazifasi belgilandi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan qonun loyihasini tayyorlash ustida ish olib borildi va ushbu jarayonda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zolari ham ishtirok etdi.

Yakunda “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan bo‘lib, hozirda ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA