Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatga Turkiya elchisi, Latviyaning “Marta” markazi rahbari tashrif buyurdi
10:32 / 2025-04-16

Oliy Majlis Senatiga Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi davlatlararo va parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari ikki davlat rahbarlarining muntazam siyosiy muloqoti va yaqin hamkorligi tufayli yuksak darajaga chiqqani qayd etildi. Parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash esa ikki tomonlama strategik sheriklikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik masalalariga, jumladan, bo‘lajak tashriflarni tashkil etish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.

Elchi O‘zbekiston Prezidentining yaqinda Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, ushbu bitimlar strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichga aylanganini qayd etdi. Shuningdek, Turkiya O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida xalqaro va mintaqaviy parlament tuzilmalari, shu jumladan Turkiy davlatlar Parlament assambleyasi doirasida va boshqa o‘zaro manfaatli hamkorliklarni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

***

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova Latviyaning “Marta” markazi rahbari Iluta Latse bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida gender zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni yaratish masalalari muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan NNT va manfaatdor tashkilotlar uchun xalqaro standartlarga asoslangan ish metodologiyasini ishlab chiqish, uni amalda joriy etish hamda mutaxassislar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, bu sohada hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

I.Latse O‘zbekistondagi demokratik islohotlar jarayonini yuksak baholab, parlamentning jamiyatni isloh qilishdagi roli ortib borayotganini alohida qayd etdi. Inson huquqlari va gender tenglik sohasidagi umumiy maqsadlarga erishishda “Marta” markazi O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kengaytiradi.

N.Abduraimova, O‘zA