Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatda xizmatlar sohasida o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pasaygani tanqid qilindi
18:37 / 2025-05-21

2025 yilning yanvar-mart oylarida mamlakatimizda bozor xizmatlari hajmi 210,8 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,6 foizga oshgan.

Xizmatlar sohasida yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (116,9 foiz), Samarqand (114,0 foiz) va Navoiy (113,1 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

Joriy yilning birinchi choragida xizmat ko‘rsatish sohasida hududlarda chakana savdoda 5,2 ming, maishiy xizmatda 1,4 ming, turizm bilan bog‘liq yo‘nalishlarda 738, ta’lim va tibbiyot sohalarida 730 hamda 3,6 mingdan ziyod boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ishga tushirilgan.

Respublikada yangi savdo va servis ob’ektlari ishga tushirilishi natijasida 23,3 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratilgan. 
Turizm sohasida joriy yilning yanvar-mart oylarida yurtimizga 2,1 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida hududlar bo‘ylab 2,3 million aholining tashriflari amalga oshirilgan.

[gallery-23493]

Bu raqamlar Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida qayd etildi. Hududlarda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitish asnosida ushbu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilgani, shu bilan birga, ayrim muammo va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, ayrim hududlarda joriy yilning birinchi choragida xizmatlar sohasida o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan pasaygan. 

Xizmatlar sohasidagi mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmaganligi oqibatida elektron savdo platformasiga chiqarilgan xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlari o‘z vaqtida sotilmasligi holatlari mavjud.

Bu kabi holatlar vaqtincha foydalanilmayotgan yer uchastkalarini axborot tizimlari orqali tadbirkorlarga berish jarayonlarida ham uchraydi.

Respublikaning 28 tumani (shahari)da mazkur yo‘nalishdagi birorta ham ko‘chma savdo nuqtalari auksion savdolariga chiqarilmagan. 
Senatorlar sohani yanada rivojlantirish va yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi hamda tegishli qaror qabul qildi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA