Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatda suv xo‘jaligi vazirining axboroti tanqidiy muhokama qilindi
13:26 / 2024-01-20

O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosi doirasida qator natijalarga erishilgan.

Xususan, o‘tgan uch yil davomida suv xo‘jaligi ob’ektlarida 9 mingga yaqin “Aqlli suv”, 6 mingdan ortiq “Dayver” qurilmalari o‘rnatilib, 58 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektining boshqaruv jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan. 1,5 mingta nasos stansiyasida suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi qurilma o‘rnatilgan.  

2023 yilda 297 km kanal, 41 km lotok, 11 ta gidrotexnika inshooti, 2 ta ko‘prik, 56 ta sug‘orish qudug‘i rekonstruksiya qilinib, qirg‘oqlarni himoyalash ishlari bajarilgan. Melioratsiya ob’ektlarini tizimli ta’mirlash va tiklash ishlari bo‘yicha 316 milliard so‘m o‘zlashtirilib (limitga nisbatan 94 foiz), 11 ming km kollektor-drenaj tarmoqlari ta’mirlangan.  

Bu Senat yalpi majlisida eshitilgan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevning irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborotida  qayd etildi.  

Axborotni muhokama qilish jarayonida senatorlar tomonidan sohada ayrim kamchilik va muammolar mavjudligi ta’kidlandi. Jumladan, Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektorga berish ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan.  

Strategiya doirasida Sirdaryo viloyatida 3 ta, Toshkent viloyatida 2 ta, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida 1 tadan yirik gidrouzel va irrigatsiya tizimini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish ishlari bajarilmagan.  

Vazirlik tizimidagi meliorativ ekspeditsiyalar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini ekspress baholash imkonini beruvchi zamonaviy texnikalar, tezkor ko‘chma mobil laboratoriya va o‘lchov vositalari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan.  

Sug‘orish ob’ektlariga qurilmalarni sifatsiz o‘rnatish va ulardan to‘g‘ri foydalanilmaslik oqibatida birgina Surxondaryo viloyatida markaziy bazaga integratsiya qilingan 56 ta qurilma nosoz holatga kelib qolgan hamda 2021 yil sentyabrdan buyon markaziy bazaga ma’lumot uzatmagan.  

Muhokamalar jarayonida senatorlar tomonidan sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.  

Meliorativ ekspeditsiyalarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy texnikalar, tezkor ko‘chma mobil laboratoriya va o‘lchov vositalari bilan to‘liq ta’minlash, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida joylardagi rahbar va xodimlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish shular jumlasidandir.  

Senatorlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ishlarini samarali tashkil etish hamda har bir hududda ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yetuk mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning manzilli ro‘yxatini shakllantirishni tavsiya qildi. 

Ularni to‘g‘ri joriy etish va samarali ishlatish, mablag‘larni maqsadli o‘zlashtirish borasidagi ishlarning natijadorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.  

Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.  

N.Abduraimova, O‘zA