Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatda qanday muhim masalalar ko‘rildi? (+video)
19:47 / 2026-02-06

Toshkent shahrida joriy yil 5-6 fevral kunlari Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda xalqimiz hayoti, mamlakat taraqqiyotida muhim o‘rin tutadigan masalalar ko‘rib chiqildi.  

Oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘lom turmush tarzi, shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish,  ekologik toza hududlarning huquqiy maqomiga oid qonunlar ma’qullandi.  

Yangi me’yorlarda hukumat a’zoligiga taqdim etilgan shaxslar va hokim lavozimiga nomzodlar korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejalarini ham taqdim etishi shart etib belgilandi.  

Yalpi majlis doirasida Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud tarkiblariga o‘zgartirishlar kiritildi. O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilindi.  

2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasiga oid masala qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Albatta, bu yo‘nalishda mamlakatimiz o‘ziga xos yutuqlarga erishmoqda. Masalan, Jahon bankining bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston ayollarning iqtisodiy va siyosiy huquqlarini kengaytirishda eng katta yutuqlarga erishgan beshta davlat qatoriga kiritilgan.  

Bunday ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashni kengaytirish davlatimiz siyosatida muhim o‘rin tutadi.  

Shu bois, majlisda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish, davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibida xotin-qizlar ulushini oshirish zarurligi qayd etildi.  

– Bunday chora-tadbirlarda, birinchi navbatda, rahbariyat, kuzatuv kengashi,  boshqaruv organlarini shakllantirishda ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar, shaffof tanlov tartiblari hamda hisobdorlik mexanizmlarini nazarda tutish kerak. Agar kuzatuv kengashlari, boshqaruvda ayollar ishtiroki bo‘lsa, albatta, qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligi oshadi. Umuman olganda, shunday bo‘lsa, korxona erishmoqchi bo‘lgan natijalarga tezroq erishadi. Prezidentimiz ham ayollar qayerda rahbar bo‘lsa, o‘sha yerda yaxshi natijalar  bo‘lishini doim ta’kidlagan.  

Gender tenglikni ta’minlash masalasida shakllangan turli stereotiplarning oldini olish va tegishli me’yorlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish qamrovini kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Majlisda ayrim maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish kechikayotgani tanqidiy ruhda muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.

Senatorlarning fikricha, ushbu dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi. Undagi vazifalar, tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi lozim.

Majlisda ijtimoiy sohaga ixtisoslashgan davlat va xususiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, Vazirlar Mahkamasiga hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, qurilish ishlarini tartibga solish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash, aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari ko‘rib chiqildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eKXx_DgaV7E" title="Senatda qanday muhim masalalar ko‘rildi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Norgul Abduraimova,

Doniyor Yoqubov (video),

Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA