Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada hokimlar va mahalliy kengashlarning vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan mahalliy davlat hokimiyatining yangi modeli joriy etildi.
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish Senatning mutlaq vakolati sifatida belgilandi.
Mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga, norma ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida Senat kengashining qarori bilan Mahalliy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi tashkil etildi.
– Markazning tashkil etilishi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirildi, – dedi Senat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov. – Markaz bir qator vazifalarni bajaradi. Jumladan, mahalliy kengashlar faoliyatini zamon talablariga mos tashkil etishga huquqiy va uslubiy yordam beradi. Bunda kengashlar faoliyati tahlil qilinadi va uni takomillashtirish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqiladi. Kengashlar reglamentlari, doimiy komissiyalar nizomlarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi. Shuningdek, kengash kotibiyatlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha uslubiy ko‘mak ko‘rsatadi.
Yana bir muhim jihat – Markaz mahalliy kengashlar faoliyatini takomillashtirish borasida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham shug‘ullanadi.
Markaz mahalliy kengashlar faoliyatini tashkil etishga axborot-tahliliy ko‘maklashish vazifasini amalga oshirish jarayonida bu boradagi xorijiy tajribani tahlil qilib boradi va takliflar ishlab chiqadi. Kengashlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha konferensiya, davra suhbatlari va seminarlar tashkil etadi. Shu bilan birga, davlat va mahalliy byudjetning ijro etilishini hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasidagi tizimli muammolarni tahlil qiladi. Mahalliy kengashlar uchun ushbu yo‘nalishlarda tavsiyalar ishlab chiqadi.
Bundan tashqari, Markaz doimiy ravishda mahalliy kengashlar faoliyatidagi muammolarni o‘rganib, ularni bartaraf etish yuzasidan ilmiy-uslubiy tavsiyalar berib boradi. Mahalliy kengashlarning xalqaro hamkorligini tashkil etishga ko‘maklashadi.
Kengash deputatlari va kotibiyat xodimlarining malakasini oshirish, qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan xabardor qilib borish maqsadida ular uchun muntazam ravishda o‘quvlar tashkil etadi. Kengashlar faoliyatini raqamlashtirishga ham ko‘maklashadi.
Markazining tuzilishi xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, hududiy vakillik organining oliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligini izchil yo‘lga qo‘yish va shu orqali hududdagi tizimli muammolarni Hukumat darajasiga olib chiqish hamda hal etish imkonini beradi.
Bu esa, o‘z navbatida, aholining turmush farovonligini yanada oshirishga, qolaversa, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA