Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatda madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlariga oid qonun ijrosi ko‘rib chiqildi
09:33 / 2025-06-18

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunning Qashqadaryo viloyatida ijro etilishi holati muhokama etildi.

Senatorlar, Madaniyat vazirligi va turli idoralar vakillari, ekspertlar ishtirok etgan tadbirda madaniyat boshqarmasi tomonidan qonun ijrosini ta’minlashga qaratilgan hujjatlar qabul qilingani qayd etildi. Viloyat musiqali drama teatrida 32 spektakl sahnalashtirilgan, shundan 7 tasi xorijiy va 25 tasi mahalliy rejissyorlar tomonidan yaratilgan.

[gallery-23947]

Mahalliy byudjetdan 19 milliard 73 million so‘m ajratilib, 16 ta madaniyat markazida qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Madaniyat markazlari qoshidagi “Xalq” va “Namunali” unvonga ega 34 badiiy havaskorlik jamoasiga mahalliy byudjet hisobidan 96 shtat birligi ajratilgan.

Madaniyat markazlarida 287 to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga 3 ming 342 nafar o‘quvchi jalb etilgan. Yangi barpo etilgan viloyat qo‘g‘irchoq teatri binosida va Ko‘kdala tumani san’at saroyida 60 o‘rinli kinozal faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Muhokama jarayonida madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi masalalarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, madaniyat markazlarida bolalarni to‘garaklarga yanada keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijodiy qobiliyatini rivojlantirish borasida aniq chora-tadbirlar belgilash muhimligi ta’kidlandi. Madaniyat markazlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlash orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va qamrovini oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga madaniyat markazlaridagi to‘garaklar faoliyatidan kelib tushadigan mablag‘larning to‘garak rahbarlariga manzilli ajratilishini ta’minlash imkoniyatlarini o‘rganish yuklatildi.

Musiqa maktablarida ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish, xususan, akademik xonandalik, estrada, teatr san’ati va baxshichilik kabi yo‘nalishlarni qamrab olish orqali o‘quvchilarning qiziqishlariga mos ravishda imkoniyatlar yaratish tavsiya etildi.

Ushbu ta’lim muassasalaridagi o‘qituvchi va mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirish zarurligi bildirildi.

Prezident tashabbusiga muvofiq mahallalarda “Teatr kuni”ni tashkil etish amaliyotini joriy etish va bu borada rejali ishlarni olib borish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Ko‘zi ojizlar uchun tashkil etilgan maxsus kutubxonalarda infratuzilma imkoniyatlarini yanada yaxshilash, ularni texnik vosita va zarur jihozlar bilan ta’minlash muhim masalalardan ekani qayd  etildi.

Bu borada mahalliy byudjet loyihasi shakllantirilishida mazkur masalalar inobatga olinishi va qo‘mita tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA