Senat yalpi majlisida asosiy masalalarni ko‘rib chiqishdan avval oldingi yalpi majlislarda ko‘tarilgan muammoli masalalar qanday hal etilganiga e’tibor qaratildi.
Senatning 49-yalpi majlisida 4R36 “Jizzax shahri – Yangiqishloq – Qizilcha - Qizilqum” avtomobil yo‘lini 24 - 74 km qismini rekonstruksiya qilish (beton qoplamali yo‘l qurish) ishlarini amalga oshirishda moliyalashtirish masalasi bilan bog‘liq muammo borligi aytib o‘tilgan.
Mazkur loyiha Prezident qarorlari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirish imkoniyatlari o‘rganib chiqiladigan istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan.
Loyihani Xalqaro moliya institutlariga taqdim etish uchun dastlabki qiymati 115 million dollarni tashkil etadigan texnik-iqtisodiy asos (TIA) ishlab chiqilib, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda loyihani moliyalashtirish masalasi yuzasidan Xalqaro moliya institutlari imkoniyatlari o‘rganib chiqilgan.
Mazkur loyihani amalga oshirishning aniq muddatini belgilash maqsadida Osiyo taraqqiyot bankiga loyihani moliyalashtirishda ishtirok etish bo‘yicha taklif yuborilgan.
Osiyo taraqqiyot bankining roziligi olingandan so‘ng bankning loyihani moliyalashtirish parametrlari davlat tashqi qarz rejasiga kiritilib, loyihani amalga oshirish muddati aniqlanadi.
Majlisda ushbu avtomobil yo‘li 8 tonnadan yuqori bo‘lmagan vaznni ko‘tarishga moslab qurilgan bo‘lib, bugungi kunda zamonaviy og‘ir vaznli yuk avtotransport vositalari harakatlanishi oqibatida yo‘l qoplamasi buzilgan.
Avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish ishlari boshlangunga qadar yo‘l holatini saqlash va avtotransport vositalarining harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2021-2023-yillarda ushbu avtomobil yo‘lining 24 - 114 km oralig‘ida 9,2 milliard so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan.
Shu bilan birga, Jizzax hamda Navoiy viloyatlarini bog‘lovchi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lining (4R36 M39) Sharof Rashidov va Forish tumanlari hududidan o‘tuvchi 114 km qismi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan rekonstruksiya qilish istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxatiga kiritilgan.
Hozirda moliyalashtirish manbaiga, jumladan, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda.
Norgul Abduraimova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA