Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Senatda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida samarali va xavfsiz foydalanishga oid qonun ma’qullandi
18:10 / 2025-12-18

Senat yalpi majlisida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, dunyoda aholi va sanoatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyot, aholi soni va turmush farovonligining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 2030 yilga kelib 120-125 milliard kVt soatga yetadi.

Mamlakatimizda Prezidentimizning mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangilarini tashkil etish bo‘yicha olib borayotgan faol investitsiya siyosati, shuningdek, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yildan-yilga ehtiyoj ortib borayotgan energiya resurslarini ishonchli manbalar bilan ta’minlashni talab qilmoqda.

Atom energetikasini rivojlantirish O‘zbekistonning barqaror energetika tizimini yaratish, sanoatni rivojlantirish va mintaqaviy taraqqiyot uchun muhim omil. Katta va kichik reaktor bloklarining uyg‘un faoliyati tarmoq barqarorligini ta’minlab, qayta tiklanuvchi manbalarni samarali integratsiyalash imkonini beradi. 

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 maydagi qaroriga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi qayta tashkil etilib, kengaytirilgan ustuvor yo‘nalishlar, vazifa hamda funksiyalarga ega bo‘lgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiritilgan Atom energiyasi agentligining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur qonun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida samarali va xavfsiz foydalanish, davlat organlari vakolatlarini aniqlashtirish, sohadagi huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Qonunda atom energiyasi sohasidagi vakolatli organ sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi belgilab qo‘yilmoqda. Davlat organlarining vakolatlari va javobgarligi ham mustahkamlanmoqda. 

Senatorlar ma’qullagan qonun atom energiyasi sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, yadro xavfsizligi va radiatsiya muhofazasini ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizning yadro xavfsizligi bo‘yicha nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA