Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida Energetika vazirligining iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari holati muhokama qilindi.
Mamlakatimizda aholi xonadonlari, ishlab chiqarish korxonalari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Elektr ta’minoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi energiya quvvatlarini foydalanishga topshirish va iste’molchilarga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2024 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2016 yildagiga nisbatan 22,5 milliard kVt soat yoki 38 foiz ko‘pni tashkil etgan. 2024 yil iste’molchilarga 2016 yildagiga nisbatan 21,8 milliard kVt soat yoki 48 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berilgan.
Shu bilan birga, 2025 yilda past kuchlanishli 4 ming 530 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 1 ming 756 transformator punktini yangilash rejalashtirilgan. O‘tgan davr mobaynida 5 ming 829 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari va 1 ming 854 transformator punkti yangilangan.
Respublikamizda 220-500 kV quvvatga ega 91 kichik stansiya va 12,5 ming km elektr uzatish tarmog‘idan samarali foydalanilmoqda.
Shuningdek, 35-110 kV quvvatli 1 ming 851 kichik stansiya va 278,5 ming km tarmoq hamda 97,9 mingta transformator punkti orqali iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib beriladi.

2021-2024 yillarda elektr tarmoqlarini rivojlantirish doirasida quvvati 110-500 kV bo‘lgan 1 ming 310 kilometrlik elektr uzatish tarmoqlari qurilib, yuqori kuchlanishli kichik stansiyalarning quvvati 9 ming 348 MVAga oshirildi. 38 ming 51 kilometrlik elektr uzatish tarmoqlari va 11 ming 914 transformator punkti yangilanishi natijasida 8 mingdan ortiq mahallaning elektr ta’minoti yaxshilanishiga erishilgan.
Muhokama davomida senatorlar ikki bosqichli tizimga o‘tish, tejamkor uskuna va quyosh panellari o‘rnatish hamda sohani raqamlashtirish borasidagi ishlarga ham alohida e’tibor qaratdi.
Majlis yakunida sohani takomillashtirishga qaratilgan qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA