Aholi farovon turmush kechirishining eng muhim shartlaridan biri – bu ularning bandligini ta’minlashdir. Zero, ishlagan har bir kishi nafaqat o‘zi, balki oilasi ro‘zg‘orini obod qiladi.
Shu maqsadda Oliy Majlis Senati aholining bandligi ta’minlanishi masalasiga doimiy e’tibor qaratmoqda. Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha parlament nazorati o‘rnatilgan.
Senatda tuzilgan ishchi guruh tomonidan joriy yilning may-iyun oylarida Buxoro, Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganib chiqildi.
Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Mehnat organlari ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-aprel oylarida bo‘sh ish o‘rinlariga Buxoroda 11,4 ming, Jizzaxda 10,4 ming, Namanganda 15,3 ming va Farg‘onada 15,1 ming fuqaro ishga joylashtirilgan.
Mehnat yarmarkalarida taklif etilgan ish o‘rinlariga joylashish uchun Buxoroda 1,6 mingta, Jizzaxda 1,1 mingta, Namanganda 3,7 mingta va Farg‘onada 1,1 mingta ishga yo‘llanma berilgan.

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan Buxoroda 837, Jizzaxda 748, Namanganda 481 va Farg‘onada 817 nafar shaxs band qilib qo‘yilgan (kvotalangan) ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan.
O‘rganilgan hududlarda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jami 20,2 ming nafar ishsizlar jalb qilinib, ularga 22,6 milliard so‘m ish haqi to‘lab berilgan.
Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish orqali bandligini ta’minlash maqsadida viloyatlarda qariyb 6 mingga yaqin fuqaroga 13,2 milliard so‘m subsidiya ajratilgan. 16,3 ming nafardan ziyod ish bilan band bo‘lmagan aholi kasb-hunarga, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilgan.
Amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim soha va yo‘nalishlarda, shuningdek shahar va tumanlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagan.
Investitsiya dasturi doirasida ishga tushgan loyihalar doirasidagi qariyb 3,6 mingta aholi bandligi soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagan.
Jumladan, Buxoroda yaratilgan 869 ta ish o‘rnidan 665 tasi (76 foizi), Jizzaxda 363 ta ish o‘rnidan 307 tasi (84 foizi), Farg‘onada 2 ming 924 ta ish o‘rnidan 2 ming 620 tasi (89 foizi) soliq organi ma’lumotlari bazasida qayd etilmagan.
Ayrim loyihalar joyiga borib o‘rganilganda, joriy yilda ularda yaratilgan ish o‘rinlari o‘z tasdig‘ini topmadi.
Masalan, To‘raqo‘rg‘on tumanida ayrim nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 2021 yilning avgust va noyabr oylarida faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, joriy yilgi hududiy investitsiya dasturiga yangi loyiha sifatida kiritilgan.
Majlis davom etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA